Breaking News

Isroil XAMAS yetakchisi uyini nishonga oldi, AQSh va Kanadada namoyishlar


G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, yakshanba tongda Isroilning G’azo shahriga uyushtirgan havo hujumlarida kamida 33 kishi halok bo’lgan. Ushbu zarba Isroil va XAMAS o’rtasida bir necha kun oldin janglar boshlanganidan buyon eng qonlisi.

Isroil XAMASning siyosiy yetakchisi Yahyo al-Sinvar yashaydigan uyni nishonga olgan. Uning taqdiri no’malum. “Associated Press” xabariga ko’ra, al-Sinvar “guruhning yuqori lavozimdagi boshqa liderlari qatorida yashiringan bo’lishi mumkin”.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning ta’kidlashicha, falastinlik jangarilarga qarshi artilleriya hujumlari “keragicha davom etadi”.

“Yashirina olmaysiz - na yer ustida, na yer ostida. Hech kim xavfsiz emas”, - dedi Netanyaxu, AQSh va boshqa davlatlarga quvvatlovi uchun minnatdorchilik bildirar ekan.

Prezident Jo Bayden Netanyaxu bilan telefonda gaplashib, XAMAS hujumlarini qoralagan. Isroil XAMAS va boshqa terrorchi guruhlardan o’zini himoya qilishga haqli, deydi Bayden.

Oq uy bayonotiga ko’ra, AQSh rahbari jurnalistlar xavfsizligi va himoyasini ta’minlash zarurligini uqtirgan. Kuni-kecha Isroil bombalari “Associated Press” va boshqa axborot agentliklari idorasi joylashgan binoni qulatgan edi.

Bayden Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga ham qo’ng’iroq qilib, janglarni to’xtatish bo’yicha diplomatik sa’y-harakatlarni tilga olgan. XAMAS Isroil hududiga raketa otishni bas qilishi lozim, deydi Bayden.

Oq uy bayonotiga ko’ra, “Isroil va Falastin ikki alohida davlat bo’lib yonma-yon yashashi - mojaroga adolatli va davomiy yechim bo’la oladi” va Bayden bu yondashuvga sodiq.

Vositachilik

AQSh Davlat kotibi muovini yordamchisi Hadi Amir bugun Isroilda rasmiylar bilan uchrashadi, so’ngra falastinliklar bilan muloqot uchun G’arbiy Sohilga yo’l oladi.

Bugun Yaqin Sharqdagi vaziyat BMT Xavfsizlik Kengashida ham muhokama qilinadi.

“Bosh kotib Isroilning havo hujumlari natijasida tinch aholi orasida talafotlar oshib borayotganidan xavotirda. G’azodagi al-Shati lagerida bir oilaning 10 a’zosi, jumladan bolalar halok bo’lgan, - deydi BMT so’zlovchisi Stefan Dujarrik. – Bosh kotib barcha tomonlarga noharbiy va media inshootlarning nishonga olinishi xalqaro qonunlarga zid ekanini eslatadi”.

To’xtovsiz hujumlar bois gumanitar tashkilotlar muhtojlarga yordam yetkaza olmayapti.

“Barcha tomonlarni tinch aholini himoya qilishga chaqiramiz”, - deydi Xalqaro Qizil xoch qo’mitasi rahbari Robert Mardini.

Biroq hujumlarni to’xtatishga na Isroil, na XAMAS ishora bergan. Mojaroga Quddusni kim nazorat qilishi yuzasidan tortishuvlar hamda yahudiylarni arab mahallalarida joylashtirishga urinishlar turtki bergan.

Qatar poytaxti Doxada so’zlar ekan, XAMAS rahbari Ismoil Haniya shunday dedi:

“Sionistlar al-Aqso masjidini vayron qilamiz deb o’ylashdi, Shayx Jarra mahallasidan odamlarimizni haydaymiz deb o’ylashdi. Netanyaxuga aytganman: olov bilan o’ynashma".

15-may kuni Isroil XAMAS rahbariyatiga qarshi hujumlarni kuchaytirib, guruh yetakchilaridan yana biri Halil al-Hayyoning uyini bombardimon qilgan. Talafotlar haqida ma’lumot yo’q. XAMAS ba’zi qo’mondonlari halok bo’lganini tan oladi.

Davomiy hujumlar

G’azo Sog’liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga qaraganda, janglar boshlangan 10-maydan buyon 145 falastinlik halok bo’lgan, jumladan 41 bola va 22 ayol. Isroil tomonida kamida sakkiz kishi o’lgan.

Misr hujumlarda jarohatlangan 1100 falastinliklarning bir qismini evakuatsiya qilish uchun G’azoga 10 ta tez yordam mashinasini yubordi. Misr va G’azo o’rtasidagi Rafah o’tish punktini Isroil nazorat qilmaydi.

O’tgan yetti kunda XAMAS Isroil hududiga 2300 raketa yog’dirgani xabar qilinmoqda. Taxminan 1000 tasi urib tushirilgan, 380 tasi G’azoning o’zida portlagan.

Isroil esa G’azoga 1000 dan ziyod havo va artilleriya hujumlarini amalga oshirgan.

Berlin, Germaniya
Berlin, Germaniya

Namoyishlar

Shimoliy Amerika bo’ylab bir qancha shaharlarda minglab odam norozilik namoyishlariga chiqdi. Ular Falastinni quvvatlab, Isroil hujumlarini to’xtatishni talab qilmoqda. Birdamlik aksiyalari Nyu-York, Boston, Vashington, Diyeborn hamda Kanadaning Montreal shahrida o’tmoqda.

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida taxminan 2000 odam “Ozod Falastin”, “Daryodan dengizgacha, Falastin ozod bo’ladi”, “G’azoga ozodlik”, “Isroil aparteidiga chek qo’ying” kabi shiorlar bilan ko’chaga chiqdi.

“Mening nomimdan emas” va “Falastin bilan birdamlik” deb yozilgan plakatlar bilan bir necha yahudiylar ham namoyishlarda qatnashgan.

Kaliforniya shtati
Kaliforniya shtati

“Falastinlik hayoti isroillik hayoti bilan teng ko’rilishini istayman, - deydi Manxettenda namoyishga chiqqan Imron Xon. – Bir tomonda yadro quroliga ega davlat, ikkinchi tomonda esa tosh ko’targan qishloq aholisi. Kim aybdor ekani aniq”.

“Falastinliklar erkin yashash huquqiga ega. G’azodagi bolalar o’lim topmasligi kerak”, - deydi 20 yoshli talaba Alison Zambrano.

“Janob Bayden va uning hukumatidan qotillikni quvvatlamaslikni so’rayman. Jabrdiydalar tomonida bo’ling, zulmni to’xtating, - deydi Nyu-Yorkda 50 yildan buyon yashayotgan 73 yoshli falastinlik Mashhur Ahmad. – Isroil armiyasi amalga oshirgan zo’ravonlik genotsiddir”.

Montrealda o’tgan aksiyada “Falastinni ozod qiling” degan chaqiriqlar yangradi. Plakatlardagi yozuvlarda Isroil xalqaro qonunlarni buzayotganlikda ayblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG