Breaking News

Isroil saylovlarida arab partiyalar yagona ittifoqqa birlashdi


Isroilda saylov kampaniyasi nihoyasiga yetdi. Ertaga 17-mart kuni fuqarolar yangi parlament uchun ovoz beradi. Tarixda ilk bor Isroildagi arab partiyalari yagona ro'yxat bo'yicha birlashgan va, ommaviy so'rovlar natijasiga qaraganda, qonunchilik organida ancha o'rinni qo'lga kiritishi mumkin.

Isroil saylovlarida arab partiyalar yagona ittifoqqa birlashdi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:05 0:00

Quddusdagi Yahudiy universitetida tushlik payti... To'rt arab partiyasidan tashkil topgan ittifoq rahbari Ayman Uda yoshlarni atrofiga to'plab, dasturini tushuntirmoqda.

41 yoshli advokat targ'ib etayotgan platformaning asosiy g'oyasi - demokratiya va ijtimoiy tenglik. Isroil siyosatini ancha yillardan beri egallab kelayotgan partiyalardan xalq norozi, deydi u.

"Yangi hukumatni o'ng qanot partiyalar tuzmasligi kerak va buni bartaraf etishga kuchimiz yetadi. Ikkinchidan, jamiyatni va uning poydevorini kuchaytirish kerak. Mana shularni odamlarga tushuntiryapmiz", - deydi Ayman Uda.

O'tgan yili Isroil qonunlariga kiritilgan o'zgartirishlarga binoan parlamentdan o'rin olish uchun partiyalar umumiy ovozlarning kamida 3,25 foizini qo'lga kiritishi zarur. Mana shu talab tufayli "Hadash", "Balad", "O'zgarish uchun arab partiyasi" hamda "Islomiy harakat" bir yoqadan bosh chiqarishga qaror qilgan.

So'rovlarga qaraganda bu ittifoq 10 foizdan ko'proq ovoz olib, Isroil parlamentida uchinchi eng yirik blokka aylanishi mumkin. Lekin Ayman Uda yangi hukumat tuzilayotganda o'ngchilarga ham, so'lchilarga ham qo'shilmasligini aytadi.

"Yarmi xavfsizlik kuchlariga sarflanyotgan byudjetga ovoz berolmaymiz. Byudjetning yana bir qismi ijtimoiy loyihalarga emas, Falastin yerlarida yahudiylar uchun uy qurishga yo'naltirilgan. G'azo Sektoriga yana hujum qiladigan koalitsiya bizga kerak emas", - deydi arab siyosatchi.

Ittifoqqa kirganlar orasida kommunistlar ham bor, islomchilar ham bor. Lekin 80 foiz masalalarda ular kelishib olgan, deydi tibbiyot talabasi Nassim Sayid Ahmad.

"Bu ular yaxlit bir partiyaga aylanib ketadi degani emas. Siyosiy koalitsiyadan asosiy maqsad Falastin manfaatlarini himoya qilish", - deydi u.

Arablar Isroil aholisining 20 foizini tashkil etsa-da, odatda saylovlarda ularning atigi yarmi qatnashadi. Hukumatdan norozilik belgisi, buni tushunamiz, deydi yana bir talaba Dima Abu al-Asal.

"Kimdir dalada mehnat qiladi, yana kimdir parlamentda. Isroilning arab fuqarolari qonunchilik organiga saylansa, ular uchun xalq g'ami birinchi o'rinda. Hammaning o'z roli bor", - deydi talaba.

Ayman Udaning ta'kidlashicha, uning arab partiyalar alyansi Isroilda amaldagi siyosatdan norozi, yo'qsillikda yashayotgan va imkoniyatdan mahrum barcha fuqarolar uchun xizmat qiladi. Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar ko'pchilikning e'tiborida ekan, uning dasturi ko'pchilikka ma'qul.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG