Breaking News

Falastin BMTga murojaat qilgach, muzokaralar to’xtab qoldi


Falastin ma’muriyati Birlashgan Millatlar Tashkilotining 15 agentligiga a’zo bo’lish uchun harakat boshlar ekan, AQSh vositachilik qilayotgan tinchlik kelishuvining amalga oshishi gumon.

Bundan norozi Vashington Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan rejalangan uchrashuvni bekor qildi.

Abbos o’z qarorini tushuntirib, Isroil falastinlik mahbuslarni ozod etishdan bosh tortayotganini sabab qilib ko’rsatdi.

“Yahudiy davlati ularni ozod etishga to’qqiz marotaba va’da bergan, lekin ustidan chiqmadi”, - deydi Falastin rahbari.

AQSh davlat kotibi Isroil va Falastinni yarashtirishga sakkiz oydan beri harakat qiladi. Isroildan qamoqdagi 104 falastinlikni qo’yib yuborish so’ralgan, Falastin esa BMTga ortiq murojaat qilmaslikka va’da bergan edi.

Mahbuslarning so’nggi qismi mart oxirida uyga qaytishi rejalangan bo’lsa-da, Isroil vazirlar mahkamasi qarorni tasdiqlamayapti.

Amerika bosh diplomatiga ko’ra, hozircha biror xulosa qilishga shoshmagan ma’qul. Jon Kerri Bryusseldan turib bayonot berdi.

“Prezident Abbos aprelning oxirigacha muzokara qilamiz, deb menga so’z bergan”, - deydi Kerri.

Tinchlik bitimining xomaki ko’rinishi 29-aprelgacha tayyor bo’lishi kutilayotgan edi, ammo Kerri muzokaralarni yil oxirigacha davom ettirishga undamoqda.

Falastin qo’yayotgan bosh talablardan biri shuki, Isroil G’arbiy sohilda qurilishlarni bas qilishi kerak. Lekin Quddus sharqida minglab yangi binolar ko’tarishga allaqachon ruxsat berilgan. Dunyoning aksar davlatlari buni noqonuniy deb biladi.

Vashington tomonlarni uchrashtirib muzokaraga boshchilik qilishga tayyor, lekin muammoni hal qilish va tinchlikka erishish Isroil va Falastin rahbarlarining irodasiga bog’liq, deydi Jon Kerri.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG