Qozog`istonda 21-may kuni mamlakat bo`ylab o'tishi rejalangan norozilik namoyishlariga ruxsat berilmagan. Politsiya namoyishlar rejalangan shaharlarda yuzga yaqin faollarni, jurnalistlarni hibsga olgan, ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlar, hatto ayrim ommaviy axborot vositalarining internetdagi sahifalari, jumladan, “Ozodlik” radiosining qozoq xizmati ham to`sib qo`yilgan. Norozilik tashkilotchilari hukumat jiddiy tahlikaga tushib qolganini aytmoqda.
Tashkilotchilar yer sotilishiga doir islohotlarga qarshi umummilliy miqyosda 21- may kuni norozilik aksiyasi o'tkazish rejalanganini e'lon qilgan edi.
Bu narsa Prezident Nursulton Nazarboyev e`tiboridan ham chetda qolmadi. U “Ukraina voqelarini Qozog`istonga ko`chirish harakati keskin jazolanishi”dan ogohlantirdi. Tashkilotchilar, bu ogohlantirishdan qat'i nazar, miting bo'lib o'tishini aytayotgan edi.
Politsiya reydlari va hibslari ertalabdan mamlakatning bir nechta yirik shaharlarida amalga oshirildi. Ostona va Olmaotada namoyish o`tishi kutilgan markaziy maydonlar to`sib qo`yilgan, namoyishga chiqqanlar hibsga olina boshlangan.
Tazyiqlardan namoyishni yoritayotgan jurnalistlar ham chetda qolmagan, mamlakatdagi bir qator mustaqil nashrlar, Interfaks agentligi ham o`z muxbirlari politsiya uchstkasiga olib ketilganini xabar qilmoqda.
“Azattyq” radiosi poytaxtdagi va viloyatlarida o`nga yaqin muxbirlari politsiya tomonidan ma`lum muddat hibsda ushlab turilgani, keyinchalik qo`yib yuborilganini aytmoqda.
“Azattyq” radiosi o`z sahifasida 21-may kuni minting ishtirokchilari va jurnalistlarning hibsga olinish jarayoni, Ostona va boshqa qator shaharlarda namoyishga chiqqan odamlarning zo`rlik bilan avtobuslarga tiqilayotgani aks etgan vidotasvirlarni joylashtirgan.
Qozog`iston Ichki ishlar vazirligi kechga borib jurnalistlar anglashilmovchilik tufayli hibs etilganini bildirib ma`lumot tarqatgan.
Qozog`istonda yer sotilishiga qarshi dastlabki noroziliklar bir oy avval boshlangan edi. Mamlakatning bir nechta yirik shaharlarida o`tgan namoyishlardan so`ng tashkilotchilar 21-may kuni umummilliy miqyosda miting o'tkazishlarini e`lon qilgan edi.
Noroziliklarga qozoq hukumatining qishloq xo`jaligiga ixtisoslashgan yerlarni xorijliklarga 25 yil muddatga ijaraga berish to`g`risida qaror chiqarishi sabab bo`ldi.
Aksiya ishtirokchilari hukumat ijaraga berish bahonasida mamlakat yerlarini butunlay sotib yuboryapti, degan fikrda. Dastlabki noroziliklardan so`ng Nazarboyev ijara to`g`risidagi qaror ijrosini to`xtatdi, yerdan foydalanish bo`yicha davlat komissiyasi tuzish haqida buyruq berdi. Bu komissiya tarkibiga hukumat, nodavlat tashkilotlar, shu jumladan, qarshilik harakati faollarining ayrimlari kiritilgan.
Ammo noroziliklar to`xtagani yo'q. Qozoq muxolifati faollari buning sababini aholida hukumatga nisbatan ishonch yo`qolganida ko`rishadi.
“Qozog`istonliklar hukumatga allaqachon ishonmay qo`ygan, hamma biladi yerni rasmiyatchilik uchun ijaraga berishayotganini. Haqiqatda esa mamlakat yerlarini butunlay sotib yuborishlari mumkin. Buni hozirgacha neft va gaz zaxiralariga boy yerlarning Xitoyga ijaraga berilgani, amalda esa sotib yuborilgani misolida ko`rishimiz mumkin. Shu bois noroziliklar to`xtamayapti. Noroziliklarga nafaqat yer masalasi, balki so`nggi paytda mamlakatdagi iqtisodiy cho`kish ham sabab bo`lmoqda. Odamlar siyosiy, iqtisodiy o`zgarishlarni ham talab qilishmoqda. Hukumat esa bundan talvasaga tushib qolgan”, - deydi muxolifatdagi Sotsial demokratlar partiyasi faoli Aydos Sodiqov.
Qozog`iston hukumatiga qarashli telekanallarda norozilik chiqishlariga nisbatan faol targ`ibot kampaniyasi boshlangan. Ayrim kanallar norozilik ichtirokchilariga pul tarqatilayotgani haqida xabar berishgan. Namoyish faollari bu da'volarni inkor etib, xabarni tarqatgan televideniye ustidan sudga arz qilishgan.
“Yer islohoti” yuzasidan o`tgan namoyishlar so`nggi yillarda hukumatga qarshi kuzatilgan eng yirik norozilik chiqishi sifatida baholanmoqda.