Ukraina poytaxti Kiyevda vaziyat nisbatan barqarorlashgandek. Muxolif kuchlar nazoratidagi Maydon va Kiyevning yangi meri Vitaliy Klichko murosaga erishdi. Kelishuvga ko’ra, namoyish o’tkazish vositalarining Maydonda qolishiga ruxsat berildi.
Kiyev maydonida o`tgan xalq yig`inidan so`ng poytaxtni barrikadalardan tozalash va Maydon tarafdorlarini tarqatish haqidagi yangi hukumat rejalari o`z kuchini yo`qotdi.Xalq yig`inida chiqish qilgan Kiyevning yangi meri Vitaliy Klichko Maydon hukumat faoliyatini nazorat qiluvchi vosita sifatida qolishini ta’kidladi.
Mer sifatida o`z faoliyatini boshlashga hozirlanayotgan Vitaliy Klichko Kiyev markazini barrikadalar va chodirlardan tozalashga chaqirgach, maydonchilar noroziligiga sabab bo’lgan edi.
Ammo Vitaliy Klichko uning so`zlari noto`g`ri talqin qilinganini aytib, Maydon Ukrainaga demokratiya olib kelganini va hech kim u yerdan kuch bilan tarqatilmasligini ta’kidladi.
Klichko xalq yig`inidagi chiqishi arafasida jurnalistlar bilan suhbatda Maydon o`z taqdirini o`zi hal qilishini, ammo ko`plab kiyevliklar tinch hayot tarziga qaytishni istayotganini bois markaziy ko`cha va shahar meriyasining binosi bo`shatilishi lozimligini aytgan edi.
“Biz hali ko`p ishlarni amalga oshirishimiz kerak, men hozirgacha o`tgan uchrashuvlardan ko`plab kiyevliklar oddiy kundalik hayotga qaytish istagida ekanligini bilaman. Markaziy ko`cha bo’shatilishi, qatnov tiklanishi kerak. Shahar hokimiyati samarali ishlashi uchun meriya binosi bo`shatilishi kerak. Maydon o`zining asosiy vazifasini bajardi, u Ukrainaga demokratiyani qaytardi ”, - dedi Klichko jurnalistlar bilan suhbatda.
Maydonchilar oldidagi chiqishida ham Klichko Maydon o`z vazifasini bajargani, Ukrainada demokratik saylovlar o`tgani, yangi hukumat eski tuzumni o`zgartirish ustida ishlayotgani haqida gapirganda, yig’ilganlar orasida norozilik ovozlari eshitildi.
Maydondagi faollarga ko`ra, mamlakatda saylovlar o`tdi, ammo saylangan yetakchilar hali islohotlar o’tkazish qarorida qat’iy ekanini ko`rsata olgani yo`q. Maydon tomonidan surilgan talablar bajarilmagan.
Hukumatga kim, qanday kuchlar kelishidan qat’i nazar, Maydon demokratik o`zgarishlar va xalqni namoyon qiluvchi kuch sifatida qolishi haqida chaqiriqlar yangramoqda.
“Hozirgacha nechta hukumatlar almashdi, ularning hammasi ukrainlarga yaxshi hayot, farovonlik va`da qilishgan. Hozir ham agar xalqni taqdim etuvchi Maydon tarqatiladigan bo`lsa, jamoatchilik nazorati cheklansa, hukumatning va’dalari yana va’daligicha qoladi”, - deydi Maydon faollaridan biri Vasil Lyubarets.
Ukrainada hukumat almashganidan so`ng birinchi bor chaqirilayotgan xalq yig`inida 10 ming atrofida odam qatnashdi. “Vecha”ning inqiloblar paytidagi avvalgi chaqiriqlarida esa Kiyev maydonida yarim milliongacha aholi yig`ilgan.
Bugungi Maydon 50 dan ortiq nodavlat tashkilotlardan iborat. Jamoatchilik orasida inqiloblar markazi bo`lgan Maydonning bugungi faoliyati va kelajagi haqidagi munozaralar davom etmoqda.
Kiyevliklarning katta qismi Maydon o`z vazifasini o`tab bo`lgani, shahar markazi barrikada va chodirlardan tozalanishi kerak deb hisoblasa, boshqa bir tomon Maydonning yangi hukumat ustidan nazorat talab qilish qudratiga ega yagona kuch bo’lib qolishini istamoqda.
Prezidentlikka asosiy davogarlardan biri sifatida ko`rilgan “Udar” partiyasi yetakchisi Vitaliy Klichko o`z nomzodini qaytib olgach, u qo’llab-quvvatlagan yirik tadbirkor Petro Poroshenko 25-may kungi saylovlarda Ukrainaning yangi prezidenti etib saylandi.
Vitaliy Klichko esa Kiyev merligi uchun kurashdi va mutlaq ko`pchilik ovoz bilan g`olib bo`ldi