Breaking News

Qirg’iziston: Davlat imtihonlari endi faqat qirg’iz yo rus tilida


Qirg’iziston Ta’lim vazirligi maktab bitiruvchilari uchun umumrespublika test sinovlarini o’zbek tilida ham o’tkazish borasida buyruq chiqargan edi. Imtihonlar o’rta o’quv yurtlari uchun 2002-yilda kiritilgan bo’lib, qirg’iz, rus hamda o’zbek tillarida o’tkazilib kelingan.

Joriy yil esa mazkur amaliyotni faqat qirg’iz va rus tillarida olib borishga qaror qilingan va o’zbek maktablari bitiruvchilari testlarni aynan shu tillarda topshirgan.

Rasmiylarning so’nggi izohiga ko’ra, vazirlikning yangi buyrug’i shu kungacha o’tkazilgan testlarda qatnashmagan bitiruvchilarga tegishli.

O’shdagi o’zbek maktablaridan biri bitiruvchisi Muslima Umarova test sinovlarini qirg’iz tilida topshirdi.

“Hamshiralik yo’nalishi bo’yicha test topshirdim. Natijasi 20-iyungacha chiqadi. Qirg’iz tilida topshirdim. Ushbu tilni birinchi sinfdan o’rganib borganimiz uchun qiyinchilik bo’lmadi”, - deydi Muslima.

Yangi buyruq negadir kech chiqqan bo’lib (chunki bu yilgi testlar asosan o’tib bo’ldi), ilovada aytilishicha, o’zbek tilida sinovdan o’tish imkoniyatidan yakunlangan test imtihonlarida qatnashmagan o’quvchilar foydalanishi mumkin.

Ne bo’lsa-da, til o’rgatuvchi kurslardan biri rahbari Habibillo Tursunboyev vazirlik qarorini ijobiy baholaydi.

“O’zbek maktablari bitiruvchilari davlat imtihonida qirg’iz yoki rus tillarida berilgan savollarni aniq tushunmay, javoblarni to’g’ri ifodalay olmay, past baho olgan hollari uchrardi. Albatta, testlar ona tilda bo’lsa, yuqori baho olish imkoniyati ko’payadi”, - deydi suhbatdosh.

Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, davlat tilining hayotga, jumladan boshqa tillarda faoliyat ko’rsatuvchi maktablar turmushiga keng tatbiq etilishi tabiiy hol. Vazirlikning avvalgi buyrug’idan kelib chiqqan holda ko’plab o’zbekzabon maktablar ahli umumrespublika testlarini asosan davlat tilida topshirishga tayyorgarlik ko’rgan.

Maktab-gimnaziya direktori Manzura Aslanova deydiki, ushbu o’quv yurti bitiruvchilari asosan qirg’iz tilidagi testlarda qatnashdi. Ushbu til yuqori sinfda haftasiga 5 soat o’tiladi va bolalar bemalol so’zlasha oladi.

“Grammatikadan biroz oqsashadi. Qo’shimcha mashg’ulotlar o’tib, kurslarga borib, kengroq tayyorgarlik ko’rishsa, menimcha, qiynalishmaydi”, - deydi u.

Direktor xonimga ko’ra, keyingi 20-25 yil davomida mahalliy o’zbekzabon aholi orasida ilm-bilimga e’tibor pasayib ketgan. Oliy hamda o’rta maxsus o’quv yurtlariga kirishni istovchilar soni ozayib borgan.

“Ish bo’lmasa o’qigandan ne foyda, hunar olsin”, deya bolalarni pul topishlikka undash, shogirdlikka berish urf bo’lgan.

“Ilmning naqadar muhimligi haqida ko’p gapirayapmiz ota-onalarga. Siljish bor – bu yil maktabimizda testda qatnashuvchilar soni 10 foizga o’sdi”, - deydi direktor.

Habibillo Tursunboyev fikricha, davlat maktablarida hanuz til o’rgatish masalalariga yetarli e’tibor berilmayotir:

“Davlat imtihonlari olinadigan tillar bo’yicha saboqlarni ko’paytirib, shuningdek, maktablar qoshida bepul tayyorlov kurslari ochilsa, ayni muddao bo’lar edi”.

Maktab-gimnaziya direktori Manzura Aslanova ham ko’ptillilik tarafdori.

“Faqat ona tilda o’qib-o’rganishimiz, biron narsaga yetishishimiz mumkin, degan fikrni o’zgartirishimiz lozim”, - deydi u. “Mana, qo’shni O’zbekiston maktablarida ingliz tilini o’rgatishga katta e’tibor berilyapti. Bizda faoliyat ko’rsatayotgan turk liseylarida ham ushbu til keng o’rin olgan. Farzandlarimiz turli tillarda bilim olib, yuqori cho’qqilarni egallashga qodir. Faqat bunga ishonishimiz va harakat darkor”.
XS
SM
MD
LG