Breaking News

Qirg'iziston: Tabiatga tajovuz ishsizlik va yetishmovchilik bilan bog'liq


Arslonbobdagi sharsharalar, Jalol-Obod, Qirg'iziston
Arslonbobdagi sharsharalar, Jalol-Obod, Qirg'iziston

O'tgan yili Qirg’izistonda atrof-muhitga 570 marta keng qamrovli tajovuz qilish hollari kuzatilgan. Tog’-o’rmonlarga jiddiy ziyon yetkazilgan. Mutahassislar fikricha, tabiiy boyliklarni asrash borasida davlat nazorati hamda aholi mas’uliyatini kuchaytirmoq lozim.

Shifokor va tabiatshunos G’ofurjon Rahmonqulov Janubiy Qirg’zistonning Arslonbob qishloq okrugida yashaydi. Bu joylar o’zining noyob yong'oqzorlari bilan mashhur. Suhbatdoshga ko’ra, 30-40 yil avval bu maskanda kamida 250 xil shifobaxsh o'simlik bo’lgan. O’sha paytlar muhofaza ishlari yaxshi yo’lda qo’yilgani bois dov-daraxt gurkirab o’sgan. Hozirda tamoman boshqacha ahvol.

“Avvalgi to’qaylarning 60 foizi qoldi, desa bo’ladi. Daraxtlar kesilmoqda, yosh nihollarni mol, qo’y, yilqilar payhon qilyapti”, - deydi Rahmonqulov.

O’sh davlat universitetining tabiatshunoslik kulliyoti dotsenti Egamnazar Aydaraliyevning kuzatishicha, tog’-o’rmonlarining siyraklashuvi hamda noqonuniy ov qilish oqibatida bu hududda yashovchi yovvoyi hayvonlar soni ozayib ketgan.

“O’lkamizda tabiatni muhofaza qilish borasida qonunchilik taraqqiy etmagan. Ustiga-ustak ko’zda tutilgan choralar ham astoydil qo’llanilmaydi. Joylarda tanish-bilishchilik avj olgan. Dov-daraxtlarni kesib ketganlarga nisbatan odatda jarima solish yoki yuzaki do’q-po’pisa qilish bilan cheklaniladi. Suv havzalarini bulg’ash hollari uchun kimdir javob berganini eslay olmayman. Oqibatda maishiy chiqindilarni to’g’ri kelgan joyda to’kib solish, yashil boylikka qiron keltirish hollari ko’p”,- deydi Aydaraliyev.

Mutaxassislar aholi orasida ekologik tarbiya ishlarini yo’lga qo’yish lozim deb keladi. Amaliy choralar ko'rilishi kerak.

Tabiatshunos olimlar davlat qo’riqxonalari sonini oshirish, muhofaza etiluvchi hududlarni ko’paytirish taklifini olg’a surmoqda. Shuningdek, o’rmon xo’jaliklarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash darkor.

Hozirda Qirg’izistonda sakkiz qo’riqxona, to'qqiz milliy park va bir necha maxsus ilmiy-amaliyot zonalari mavjud.

Tabiatga tajovuz hollari ortidagi sabablar asosan ishsizlik, yetishmovchilik va loqaydlik. Mahalliy aholining turmush darajasi va bilimi oshsa salbiy ko’rinishlar ham kamaya boradi, deydi ekspertlar.

“O’rmondagi ovullarda mahalliy mahsulotni qayta ishlovchi mayda korxonalar tashkil etib, yangi ish o’rinlari yaratish mumkin”, - deydi tabiatshunos Aydaraliyev.

XS
SM
MD
LG