Yoshlar orasida radikalizmning oldini olish maqsadida Qirg’iziston janubida “Sen-Tы-You” deb nomlangan loyiha ish olib bormoqda.
Loyiha mahalliy “Progress Aravon” jamoatchilik fondi, “Youth of Osh” hamda Shveysariyaning “Helvetes” tashkiloti hamkorligida amalga oshirilmoqda.
“Sen” loyihasi yoshlarga o’zini anglab yetish hamda o’z qobiliyatlarini rivojlantirishda yordam beradi.
Treninglar maxsus o’yinlarga asoslangan. Shu bilan birga loyihaga yoshlardan tashqari katta avlod vakillari ham jalb etilgan.
“Yoshlar o’rtasida radikalizmning paydo bo’lish sabablaridan biri bu yoshlarning o’z oldilariga maqsad qo’ya olmasliklari hamda yoshlar va kattalar orasidagi muomala u qadar yaxshi emasligi deb topilgan. Shu sababli biz yoshlarga fikrlarini qanday qilib to’g’ri yetkazishni o’rgatamiz. Kattalarga esa yosh avlodni tinglashni o’rgatmoqchimiz”, - deydi loyiha tashkilotchilaridan biri Azizbek Usmonov.
Loyiha ishtirokchilaridan biri Abdujalol Arappayev bu mashg’ulotlardan keyin o’ziga bo’lgan ishonchi orta boshlaganini va endilikda o’z oldiga katta maqsadlar qo’yayotganini aytadi.
“Avvaliga bu seminarlarga qiziqmadim. Lekin loyihada ishtirok etgandan keyin o’zimga ishonchim ortdi. O’zgarish va katta maqsadlar uchun harakat qila boshladim”, - deydi u.
Azizbek fikricha Qirg’izistondagi o’zbek yoshlarining ko’pchiligi bugungi kunda ilm olish, shu orqali katta maqsadlarni amalga oshirishdan ko’ra, tezroq pul topishni ko’zlab qolgan.
“Aksariyat yoshlarning bilim olishga, o’z kelajagiga bo’lgan ishonchi yo’qolib ketdi. Biz shu muammoni bartaraf qilishga urinyapmiz”, - deydi faol yoshlardan biri Azizbek Usmonov.
Shu yilning mart oyida bo’lib o’tgan “Qirg’iziston va O’zbekiston yoshlari - yaxshi qo’shnichilik davomchilari” forumi ham Azizbek va u faoliyat olib borayotgan “Progres Aravon” jamoat fondi tashabbusi bilan uyushtirilgan. Bu ikki davlat yoshlarini birlashtirgan uchinchi forum bo’lib, BMT tomonidan moliyalashtirilgan.
“Qirg’iziston va O’zbekistonning hozirgi prezidentlari o’rtasidagi iliq aloqa biz yoshlarga ham ta’sir qila boshladi. Tajriba almashuvlar imkoni paydo bo’ldi. Biz Toshkentga borganimizda Yoshlar ittifoqi qoshidagi yoshlar markazlariga bordik. Ulardan o’rganishimiz kerak bo’lgan yangi uslublar bor ekan. Yoshlar ittifoqining har viloyatida o’z filiali borligi menda yaxshi taassurot qoldirdi. O’zbekiston yoshlari esa Qirg’izistonda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlarga ko’proq e’tibor qaratishdi”, - deydi Azizbek.
Uning qo’shimcha qilishicha, “Progress Aravon” jamoatchilik fondi xalqaro tashkilotlar ko’magi bilan Qirg’iziston va O’zbekiston yoshlari o’rtasida tajriba almashuvlarga imkon yaratuvchi yangi loyihani boshlash arafasida turibdi. Bu ish avvalgi loyihalarning mantiqiy davomi bo’ladi va yoshlar kelajagi uchun foydamiz tegishidan umid qilamiz, deydi u.
Facebook Forum