Breaking News

Yaqin Sharq bir kun ichida. 9-oktabr, 2011-yil tafsilotlari


Liviyaning Sirta shahri uchun janglar, 8-oktabr, 2011-yil
Liviyaning Sirta shahri uchun janglar, 8-oktabr, 2011-yil

SURIYA

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid al-Muallimning aytishicha, xalqaro hamjamiyat Turkiyada prezident Bashar al-Assad hukumatiga qarshi tuzilgan Suriya Milliy kengashini tan olmasligi kerak.

"Bu muxolif guruhga xayrixohlik bildirgan har bir davlatga qarshi keskin chora ko'ramiz. Kengash qonuniy emas", - deydi vazir.

Kecha o'nlab suriyalik muxolifatchilar Shvetsiya poytaxti Stokgolmda uchrashib, o'z mamlakatida islohotlarni amalga oshirish yo'llarini muhokama qilgan.

Suriyada esa xavfsizlik kuchlari muxolif kurd yetakchisining dafn marosimi ishtirokchilarini o'qqa tutib, besh odamni o'ldirgan. Voqea Qamishli shahrida ro'y bergan. Marosimda 50 mingga yaqin odam qayd etilgan. Mash'al Tammo kurd Kelajak partiyasining asoschisi va Suriya Milliy kengashining a'zosi edi. U juma kuni o'z uyida notanish kishilar tomonidan otib ketilgan.

Dafn marosimi prezident Assadga qarshi namoyishga aylanib ketgach, harbiylar ularga o'q uzgan.


YAMAN

Yaman muxolifati prezidentning yaqin orada hokimiyatdan ketish haqidagi gaplariga ishonmasligini aytmoqda. Ali Abdulla Solih kecha bayonot chiqarib, yaqin kunlarda lavozimini topshirishini bildirgan. Ammo muxolifat vakili Muhammad al-Sabriyning aytishicha, so'nggi to'rt oyda Solih iste'fo berishga uch marotaba rozilik berib, so'zining ustidan chiqmagan. Muxolifat nazarida u shunchaki kelasi seshanba BMT Xavfsizlik Kengashida Yaman masalasi ko'rilishidan oldin ayyorlik qilmoqda.

Olti arab davlatidan iborat Fors ko'rfazi hamkorlik kengashi Solihga prezidentlikni o'rinbosariga topshirib, barcha siyosiy kuchlar ishtirokida yangi hukumat tuzishni taklif qilgan.
Shu hafta Tinchlik uchun Nobel mukofotiga sazovor bo'lgan yamanlik Tavakkal Karman ham prezidentning so'zlariga ishonmasligini aytadi.

LIVIYA

Liviya muvaqqat hukumatiga sodiq kuchlar sobiq rahbar Muammar Qaddafiyning ona shahri Sirtada muhim binolarni birin-ketin egallab, shahar ularning nazoratida ekanini aytmoqda. Ular kecha shaharga kirganida qaddafiychi snayperlar qarshiligiga duch kelgan edi.

Sirta poytaxt Tripolidan 360 kilometr narida bo'lib, anchagacha qaddafiychilar qarshiligining markazi edi. Muvaqqat hukumat askarlari uch haftadan beri shaharga kirishga harakat qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG