Breaking News

Myunxen anjumanida Pompeo Xitoy, Rossiya va Eronni tanqidga oldi


Davlat kotibi Mayk Pompeo AQShning global rolini himoya qilmoqda. G’arb qadriyatlari Xitoyning “imperiya” qurish istagidan ustun keladi, deya ta’kidladi u.

Bosh diplomat bu bilan Yevropadagi ittifoqchilarni “biz siz bilan”, deya ishontirishga urinmoqda. Prezident Donald Trampning “Amerika birinchi” shiori ostida qilayotgan bayonotlari, NATO alyansiga nisbatan tanqidlari va Yevropa mahsulotlariga qo’ygan tariflaridan norozilik kuchli.

“Transatlantik ittifoqchilik yemirilgani haqida juda bo’rttirib gapirishyapti. G’arb g’alaba qozonmoqda, biz birgalikda g’alaba qilayapmiz”, - dedi Pompeo Myunxen Xavfsizlik konferensiyasida.

Anjumanning birinchi kunida Germaniya Prezidenti Frank-Volter Shtaynmayer AQSh, Rossiya va Xitoyni global miqyosda ishonchsizlikni qo’zg’ashda ayblagan.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo

Diplomatlarga ko’ra, Trampning 2015-yilgi Eron yadro dasturi bo’yicha xalqaro kelishuvdan va iqlim bo’yicha Parij bitimidan chiqish qarori Yevropa prioritetlarini oyoq osti qilish bilan barobar. Quddusning Isroil poytaxti deb tan olinishi ham Yevropa diplomatiyasini zaiflashtirdi, deydi ular.

Mayk Pompeo AQSh strategiyasini himoya qilib aytadiki, “taktik farqlarga qaramasdan”, Yevropa, Yaponiya va boshqa ittifoqchilar Xitoy, Eron va Rossiyaga qarshi birdam.

Pompeo Boltiq dengizi orqali Rossiyadan Germaniyaga gaz yetkazuvchi “Shimoliy oqim-2” gaz quvuriga AQSh qarshi ekanini yana bir bor eslatdi.

U nutqida Rossiyaning 2014-yilda Qrimni bosib olgani, Eronning kiber xurujlari va Xitoyning boshqalarga iqtisodiy bosim o’tkazishini ham tilga oldi. Bu davlatlarni Pompeo “imperiya xohlayotgan”, qonun-qoidalarga asoslangan xalqaro tizimni beqaror qilayotgan davlatlar deb atadi.

Germaniyadagi anjumanda AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper ham so’zga chiqib, Xitoyni “Xuavey” telekommunikatsiya kompaniyasi orqali “jirkanch strategiya”ni ishga solayotganlikda aybladi.

“Biz, xalqaro hamjamiyat, Xitoyning xalqaro qoidalarga asoslangan tartibni manipulyatsiya qilishidan kelib chiqadigan muammolardan ogoh bo’lishimiz lozim”, - deydi u.

AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper
AQSh Mudofaa vaziri Mark Esper

Britaniya o’tgan oy 5G tarmog’ini qurishda “Xuavey” kompaniyasi ishtirok etishini e’lon qilgan. Esper fikricha, Britaniya bu qaroridan qaytishga hali ham kech emas.

Uning ta’kidlashicha, AQSh Xitoy bilan ziddiyatga borishni istamaydi. Vazir Pekinning 2035-yilgacha o’z qurolli kuchlarini modernizatsiya qilish, 2049-yilga borib esa Osiyoda harbiy ustunlikka erishish rejalaridan xavotir bildirdi.

AQSh mudofaa vaziri, shuningdek, Xitoyni turli yo’llar bilan Yevropa va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashayotganlikda aybladi.

Xitoyning Tashqi ishlar vaziri Vang Yi bunga shunday javob berdi:

“AQSh Xitoyning jadal rivojlanishi va yangilanishini, ayniqsa, sotsialistik davlat muvaffaqiyat qozonayotganini ko’rishni istamaydi. Bir-biridan farqli ijtimoiy tizimlarga ega ikki yirik davlat uyg’unlikda hayot kechirish yo’lini topishi, tinch muloqot qilishi kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG