Breaking News

Musiqa – bashariyat tili, dardi


"Kardeş Türküler" musiqa ansambli
"Kardeş Türküler" musiqa ansambli

Musiqa insoniy rishtalarni mustahkamlaydi. Bastakor va adib Osseli Hanna uch yil davomida dunyo kezib, turli xalqlarning ohangiga quloq soldi, ijodkorlar bilan muloqot qildi. Musiqa umumbashariy til, deydi u. Tarona tinchlik va totuvlik yo'lida xizmat qiladi.

Musiqa - bashariyat tili - Navbahor Imamova
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:18 0:00

Uch yil oldin skripkachi Medison Koen Shimoliy Texas universitetida Meksikaning mariachi uslubidagi musiqasiga bag’ishlangan seminarda qatnashdi.

“Bu musiqa haqida hech qanday tasavvurim yo’q edi. Shunchaki go’zal taronani eshitish uchun bordim”.

Meksikaga hech aloqasi bo’lmasa-da, Koenga mariachi musiqasi shu qadar yoqdiki, uni o’rganishga kirishdi. AQShda yashovchi ispanzabonlar uchun mariachining ahamiyati bilan qiziqa boshladi.

"Mariachi musiqachilari ham, shinavandalari ham juda ochiq ekan. Meni darhol o’z saflariga olishdi. Bolalar bu musiqa orqali milliy o’zligini anglaydi. Musiqani tinglash va ijro etish orqali ispan tilini o’rgana boshladim. Hozir bemalol gaplashaman. Mariachining kelib chiqishi haqida kitoblar o’qidim”.

Koenning bu hikoyasi rejissor Osseli Hannaning “Musiqa va birga yashash: dunyo bo’ylab insonlar hayotini o’zgartirayotgan musiqachilar izidan” deb nomlangan hujjatli film va kitobga kiritildi.

“Shimoliy Texas universitetidagi mariachi dasturida nafaqat yosh ispanzabon musiqachilar, balki boshqalar ham qatnashadi. Yoshlar uchun bu Qo’shma Shtatlarda tobora keng tarqalayotgan musiqa uslubini va madaniyatini o’rganishning eng ajoyib yo’li,” - deydi Hanna.

Isroilda u “Heartbeat” guruhini uchratdi.

“Ular Isroilda yashaydigan falastinlik va yahudiylar. Birga musiqa chalishadi. Ular o’z musiqasi orqali dolzarb siyosiy masalalarni ko’tarmoqda. Har kungi muammolarni kuylashadi,” - hikoya qiladi u.

Turkiyadagi bir ansambl ham aynan shunga bel bog’lagan.

“Guruh “Kardeş Türküler” - "Qardoshlik qo’shiqlari" deb ataladi. 25 yil oldin Turkiyada yashaydigan ayrim elatlar o’z tillarida hatto yozolmagan ham. Masalan, armanlar, kurdlar... Shunday taqiq amal qilgan. Bu ansambl esa o'sha, 1993-yilda man etilgan tillarda qo’shiqlar ijro etib tanilgan. Buning ahamiyati nimada, bilasizmi? Turkiyada yashaydigan millionlab odamlar o’z ona tilida muloqot qilishga haqli,” - deydi Hanna.

U yaratgan hujjatli film Eme Ndorimana, odam immuniteti taqchilligi virusi (OITV) bilan olishayotgan ruandalik musiqachi haqida ham hikoya qiladi.

“Musiqa orqali men singari bemorlarga nisbatan salbiy qarashlarga qarshi kurashaman,” - tushuntiradi maqsadini musiqachi.

Bu xavfli kasallikka chalinganlar, ayniqsa bolalar jamiyatdan ajratib qo’yiladi, deydi u.

“Muloqot qilsak bo'ladi axir. Boshqalarni tamg’alayotganlarni ko’rsam doim aytaman, bas qiling. Musiqa bizni birlashtiradi".

Hanna jahon bo'ylab shunday ijodkorlarni topdi, ular bilan suhbat qurdi. Kambojada jang qilgan bir bola 1970-yillardagi genotsiddan keyin xalq musiqasini qayta tiklash loyihasini boshlagan. Kosovoda rokn-roll maktabi nasroniy va musulmon bolalarga birgalikda musiqa bastalash va ijro etish imkonini beradi. Braziliyada esa musiqa ijtimoiy va iqtisodiy tafovutni kamaytiradigan ko’prik bo’lib xizmat qilmoqda.

“San-Paolo - ulkan shahar. Atrofida xarobalar ko’p. Portugal tilida ular “favela” deb ataladi. Qashshoqlar orasida yoshlar ko’p. Otishma qurboni bo’lish hech gap emas. Zo’ravonlik, jinoyat keng tarqalgan. Yoshlarni bunday vaziyatdan qutqarish uchun musiqa chalishga taklif qilishadi," - hikoya qiladi u.

Dard kuy va qo'shiqqa aylanadi.

Osseli Hanna deydiki, birga musiqa chalganida odamlar o’z fikrini izhor etadi. Ular yaratgan ohang va aytgan qo'shiqqa quloq solishadi. Bu esa tinchlik va totuvlikda yashash va muloqot qilish demakdir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG