Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, NATO, Rossiya bilan yangi qurol poygasini bartaraf etishga bel bog’lagan. Germaniyada o’tgan xalqaro konferensiyada so’zlagan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya yangi yadroviy qurollar ustida ishlayotganini G’arbga tahdid deb atadi.
Dunyoda yadroviy to’qnashuv ehtimoli oshib bormoqda. Myunxen anjumanida ana shunday ogohlantirishlar yangradi.
“Rossiya yadroviy arsenalini yangilamoqda, qudratini oshirmoqda. Harbiy strategiyasida bunday qurollarga alohida ahamiyat qaratyapti”, - deydi NATO rahbari Yens Stoltenberg.
Alyans yangi sovuq urush boshlanishini istamaydi. Stoltenberg Yevropa davlatlari mudofaa bobida yaqinroq hamkorlik qilayotganini olqishladi.
“NATO doirasida Yevropa ustunlarini mustamkamlash, mudofaa xarajatlarini yaxshiroq taqsimlash uchun imkoniyat bu. Ammo qit’aning mudofaa bobidagi sa’y-harakatlari NATOga muqobil tarzda emas, uyg’unlikda olib borilishi kerak”, - deydi Stoltenberg.
Germaniya mudofaa vaziriga ko’ra, Yevropa o’zi bilan o’zi bo’lib, NATOga e’tibor susayadi, degan gaplar o’rinsiz.
“Transatlantik aloqalarimiz muhim, lekin Yevropa o’zini ham himoya qila olishi kerak. O’tgan yili dekabrda nihoyat harbiy integratsiya tomon birinchi qadamni tashladik. Yevropa o’z armiyasiga ega bo’ladi”, - deydi Ursula von der Leyen.
Vashington o’tgan bir yildan buyon Yevropani mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirib kelmoqda.
AQSh mudofaa vaziri Myunxenda anjuman qatnashchilariga murojaat qilmadi. Tahlilchilar fikricha, Yevropa Vashingtondan aniq bir siyosat kutmoqda.
“Qo’shma Shtatlar NATOning sharqiy hududlarida askarlari sonini oshirayotganini, harbiy mashqlar o’tkazayotganini ko’ryapmiz. Ya’ni real hamkorlikka kelganda aniq qadamlar tashlanmoqda. Lekin siyosiy darajada, strategik yetakchilik haqida gapirganda, uzoqni ko’zlab ish qilinayotgani sezilmaydi”, - deydi professor Jeyms Deyvis.
Uch kunlik xalqaro konferensiya Germaniya janubida har yili o’tkaziladi. Ittifoqchilar va g’animlar bir davrada o’tirib, o’rtadagi kelishmovchiliklarni muhokama qiladi.
Facebook Forum