O’zini mohir muzokarachi deb biladigan Donald Tramp may oyida Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Un bilan muloqotga rozi. Uchrashuv qayerda o’tishi hozircha noma’lum.
Kim Chen Un yadro programmasini tugatish haqida gaplashishga tayyor. Janubiy Koreya diplomatlari bu xabarni yetkazgandan keyin tarixiy sammitga tayyorgarlik boshlanib ketdi. AQSh, Janubiy Koreya va Shimoliy Koreya uch tomonlama muzokara o’tkazishi ham mumkin.
Ammo kuzatuvchilarning qayd etishicha, koreys tilida qurolsizlanish ma’nosini anglatuvchi so’zning boshqa tarjimalari ham bor.
“Yopish, muzlatish, vaqtincha to’xtatish va yaroqsiz ahvolga keltirish - hammasi uchun bitta so’z qo’llanadi”, - deydi professor Xan Yonsap.
Aksariyat kuzatuvchilar fikricha, Kim Chen Un AQSh sanksiyalaridan qutulish uchun yadro arsenalini muzlatish yoki biroz kamaytirishga rozi bo’lishi mumkin. O’tmishda u AQSh qo’shinlarini yarimoroldan chiqarishni ham talab qilgan. Vashington bu talablarga ko’nishi ehtimoldan yiroq.
Bunday noan’anaviy diplomatik yondashuv, ya’ni shart va talablar qo’ymasdan yuzma-yuz uchrashuv, Trampga ko’ra, natija bermasligi ham mumkin.
Shu bilan birga, muzokarani eng oliy darajada boshlash progressga turtki bersa ajab emas.
“Yadro qurollaridan voz kechish va’dasi diplomatiyaga, muzokaraga yo’l ochadi”, - deydi tadqiqotchi Jenni Taun.
Tramp ma’muriyatining bildirishicha, va’dalar ijro etilmaguncha Shimoliy Koreyaga nisbatan jazo choralari bekor qilinmaydi. Ammo Janubiy Koreya chegaradagi “Keson” qo’shma korxonasini qayta ochish uchun iqtisodiy imtiyozlar taklif etishi mumkin.
Shimoliy Koreya taxminan 30 ta yadro quroli, o’rta va uzoq masofaga uchadigan yuzlab raketalarga ega ekani taxmin qilinadi. Shuningdek, Yonbyondagi yadroviy reaktorda va yashirin inshootlarda uran boyitishni davom ettirmoqda.
Mamlakat yadro dasturidan voz kechgan taqdirda ham, buni tasdiqlash va xalqaro inspektorlarni kiritish yillab vaqt olishi tayin.
Facebook Forum