Prezident Obama Iroq va Suriyadan qochqinlarni AQShga qabul qilishda yaratilayotgan to'siqlar uchun muxolifatni tanqid qildi.
Parijdagi xurujlardan so'ng respublikachi qonunchilar qochqinlar dasturini cheklash harakatiga tushdi.
"Qog'ozbozlik tufayli qochqinlar qabul qilinmasligi mumkin. Taklif etilayotgan qo'shimcha choralar xavfsizligizmi oshirmaydi. Tekshiruv jarayonining kuchaytirilishi boshpanaga o'ta muhtoj odamlarning Amerikaga kelishiga to'sqinlik qiladi", - dedi Obama.
Unga ko'ra, amaldagi dastur har ikki partiyadan prezidentlikka saylangan bir necha rahbar qoshida ishlab kelgan. Unga ko'ra, qochqinlik maqomini olish uchun da'vogar bir yarim yildan ikki yilgacha kutishi kerak.
"Amerikaga kelayotgan qochqinlar eng sinchkov tekshiruvdan o'tgan odamlardir", - deydi Obama.
Prezident dasturni cheklashga qaratilgan har qanday qonun loyihasiga veto qo'yishini bildirgan.
Amerikaning 60 dan ziyod shaharlari merlari Kongressga ochiq xat yo'llab, Amerikada yangi hayot boshlamoqchi bo'lgan qochqinlardan va, ayniqsa suriyalik qochqinlardan, yuz o'girmaslikka chaqirdi.