Parijdagi terror xurujlaridan keyin BMT qochqinlar agentligi boshqalar sodir etgan jinoyatlar deb qochqinlarga eshikni yopmang, deya davlatlarni vijdonan ish tutishga chaqirmoqda.
BMTga ko’ra, Yevropaga qochib kelayotganlarning aksariyati o’lim bilan yuzlashgan odamlar. Ular terrorchilar emas. Ular ona vatani va uy-joyini istagani uchun emas, majbur bo’lgani uchun tashlab chiqqan. Yevropaga xavfli yo’llar bilan kelmoqda. Yeta olmay dengizda nobud bo’lganlar ham ko’p.
BMT Qochqinlar idorasi so’zlovchisi Melissa Fleming bu odamlar - ekstremizm va terrorizmdan jabr ko’rgan insonlar deydi.
“Suriyaliklarni bag’rini ochib kutib olayotgan hamjamiyat ekstremizmni yengishi aniq. Ammo suriyaliklar, xususan musulmonlarga qarshi chiqayotganlar “Islomiy davlat” kabi guruhlarning propagandasiga hissa qo’shadi,” - deydi u.
Yevropa Ittifoqining bir necha a’zosi siyosiy boshpana so’rayotganlarga rad javobini bera boshladi. 160 ming qochqinni qabul qilishga kelishib olgan ittifoqning a’zosi bo’lmish 28 davlat, endi bu qaroridan qaytishi mumkin.
AQShda ham bir necha shtat gubernatori suriyalik qochqinlarning kirishiga qarshi.
BMT Qochqinlar idorasi anchadan beri Yevropa Ittifoqi davlatlarini Gretsiya va Italiyaga yetib kelayotgan qochqinlarni qabul qilish, tekshirish va ro’yxatga olish jarayonini yo’lga qo’yishga chaqirib keladi.
“Albatta, jarayon avvaldan juda qiyin va murakkab”,- deydi Melissa Fleming. “Qochqinlar orasida soxta pasport bilan kelayotganlar ham bor. Jinoiy guruhlarning a’zolari ham bo’lishi mumkin. Bundaylarni aniqlay oladigan tizimni barpo etish kerak”.
Jarayon qanchalik yaxshilansa, samara ham shunga yarasha bo’ladi, deydi mutaxassis, qochqinlardan asossiz xavfsirash kerak emas.