Breaking News

Ob-hayot Amerika dehqonlari uchun ham og’riqli masala


Yerosti rezervuarga ulangan nasos
Yerosti rezervuarga ulangan nasos
Ogallala – AQShning yetti shtati bo’ylab yer ostida joylashgan yirik rezervuar – aholi uchun obi-hayot manbai. Ayniqsa qurg’oqchilik bilan yuzlashayotgan shaharlarda.
Obi-hayot Amerika dehqonlari uchun ham og’riqli masala/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:20 0:00
Yuklab oling

Kanzas davlat universiteti o’tkazgan izlanish xulosasiga ko’ra, agar bu zaxiradan qishloq xo’jaligi uchun foydalanishda davom etilsa, quduqlar bo’shab qolishi hech gapmas.

Mitchel Balman Kanzasning chekka bir qishlog’ida o’z fermasini yuritadi.

“Aholi ko’p emas biz tomonlarda”, deydi u. “Yomg’ir ozligidan yerlar qaqshab yotibdi. Lekin umidni boy bermaydigan odamlarmiz. Bir kun kelib ishimiz yurishadi, deb yashaymiz”.

Balmanning ota-bobolari ham Kanzasda dehqonchilik qilib kun ko’rishgan. Uning otasi 1930-yillarda kuzatilgan qumli bo’ronlarni o’z ko’zi bilan ko’rgan. O’shanda minglab oilalar uy-joyini tark etgan edi.

“Hozirgi sharoitimiz ham o’sha paytdan qolishmaydi”, - deydi u.

Ammo 1930-yillardan farqli o’laroq bugun Balmanlar fermasi yer ostidagi suv havzasidan foydalana oladi.

Bug’doyzorning o’rtasida kattakon nasos agregati o’rnatilgan. Yerosti rezervuarga ulangan quduqdan suvni yuqoriga chiqarib beradi.

Butun maydon bo’ylab sekin harakatlanuvchi uskuna esa ekinlarni yomg’irlatib sug’oradi. Balmanning aytishicha, bu eski quvurli sistemadan 10 karra samarali. Oldinlari ekinzorni suv bosardi.

“10 yil ilgari minutiga o’rtacha 2,5-3 ming litr suv ishlatardik. Bugungi kunda sug’orish uchun shuning yarmi kifoya”, - deydi Balman.

Balman biladiki, agar suvdan tejamli foydalanmasa, yerosti kanal qurib qolishi mumkin. Uning oilasi fermani tashlab ketishga majbur bo’ladi.

“Xoksi singari kichik shaharchalarda farzand katta qilishning o’z gashti bor. Jamoa kengaysin, odamlar ko’chib kelsin desak suv kerak. Obi hayot bo’lmasa, hayot yo’q”.

Dehqonlar uchun bu juda og’riqli masala. Ularning tirikchiligi, hayoti suv bilan bog’liq.

Kanzas yerosti suv boyliklarini boshqarish agentligidan Ketrin Vilkins-Vells dehqonlar bilan ishlaydi:

“Hozir yangi texnologiya ustida ishlayapmiz. Ekinzorlarda namlikni o’lchaydigan uskunalar o’rnatib chiqiladi. Ular ma’lumotni kompyuterga, kompyuter esa sug’orish apparatiga uzatadi. Namlik darajasi qanday ekaniga qarab, suv purkagichlar o’zi o’chadi va yonadi, tuproqqa faqat zarur miqdorda suv quyiladi”.

Mitchel Balman ekinlarni aniq rejalash va sur sarfini qisqartirish hisobiga ishimiz baroridan keladi albatta, deydi.

“Qurg’oqchilik qachondir tugashi kerak. Yomg’irlar boshlanganida dalalar o’g’itlangan, qo’limizda yetarli urug’ bo’lsa kifoya. Otam ham, bobom ham boshdan kechirgan bunday ofatlarni. Biz ham o’tib olamiz”.

Ogallala yerosti suv kanali bizga hali ko’p xizmat qilishi, kelajak avlodlar ham undan foydalana olishi kerak, deydi dehqon.
Yetti shtatni suv bilan ta'minlaydigan ombor - Ogalalla Aquifier
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:49 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG