Qo'shma Shtatlar Pokiston bilan munosabatlar "burilish nuqtasiga" kelib qolgani haqida ogohlantirib, bu davlatni barcha terror guruhlari, jumladan Haqqoniy tarmog'iga qarshi teng kurash olib borishga undamoqda.
AQSh elchisi Deyvid Heyl Islomobodda o'tgan konferensiyada Vashington siyosatini tushuntirdi.
"Janubiy Osiyo bo'yicha yaqinda e'lon qilingan strategiyamiz doirasida Afg'onistonda barqarorlik istaymiz, buning uchun Pokiston o'z hududida barcha terror to'dalariga qarshi qat'iy kurashishi kerak", - deydi u.
Shu bilan birga, Heyl Islomobodning al-Qoida va "Islomiy davlat"ni yengish bo'yicha sa'y-harakatlarini olqishladi.
"Bizning hududdan qo'shnilarga hujum qilish hollariga chek qo'yamiz, deb Pokiston rasmiylari o'zlari aytishgan. Buni amalda ko'rishni istaymiz", - deydi diplomat.
Afg'on va AQSh rasmiylarining da'vosi shuki, Tolibon va haqqoniylar Pokistondagi qarorgohlaridan turib, Afg'onistonda hujumlar uyushtiradi. Bu iddaolar Islomobod, Kobul va Vashington o'rtasida ziddiyatlarga sabab bo'lgan.
Elchi Deyvid Heylga ko'ra, Tolibon Afg'onistonda g'alaba qilishiga yo'l qo'yilmaydi.
"Pokiston ham AQSh singari Afg'onistonda tinchlik va barqarorlik istaydi. Birgalikda shunday sharoit yarataylikki, terrorchi guruhlar chegara osha xuruj qila olmasin, muzokaradan boshqa chorasi qolmasin", - deydi u.
AQSh Davlat kotibi Reks Tillersonga ko'ra, agar Pokiston bu imkoniyatdan foydalanib qolmasa, Vashington "tegishli choralar ko'radi".
Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xo'ja Osif amerikalik diplomatga javoban deydiki, xavfsizlik kuchlari terrorchi tizimlarni yo'q qilib, butun mamlakat bo'ylab nazorat o'rnatgan. Afg'oniston bilan chegaramiz sust qo'riqlangani tufayli, deydi u, ba'zi joylarda jangarilar hanuz bo'lishi mumkin. Ulardan qutulish uchun, vazir AQSh razvedkasi bilan yaqinroq hamkorlik qilishni xohlaymiz, dedi.
Xo'ja Osif fikricha, Afg'onistonda urush olovi ichki faktorlar, jumladan hukumat ichidagi raqobat sabab yonishda davom etmoqda. "Kobul ham, Vashington ham Pokistonni ayblagandan ko'ra shu omillarga e'tibor qaratsin", deydi u.
"Korrupsiya, davlatchilik asoslari bo'shligi, narkotiklar, etnik va qabilaviy bo'linishlar, qarovsiz hududlar - bular hammasi Afg'onistonga xos muammolar", - deydi Pokiston tashqi ishlar vaziri.
Pokiston, deydi Osif, Afg'onistonda tinchlik o'rnatish uchun qo'ldan kelgancha ko'maklashadi.
Vazir regiondagi terrorchilik harakatlarida Hindistonni ham ayblab, AQShga shikoyat qilgan. Biz Afg'onistonni qayta qurishda ko'maklashyapmiz, deya bildiradi hind rasmiylari.
"AQSh bizni ishontirdiki, Hindistonning Afg'onistondagi roli faqatgina iqtisodiy madad ko'rsatishdan iborat. Afg'on hududi aslo Pokistonga qarshi harakatlarda qo'llanilmaydi", - deydi vazir.
Islomobod taxminan uch million afg'on qochqinni vataniga qaytarar ekan, Xo'ja Osif fikricha bu qaror terrorizm muammosini hal qilishga hissa qo'shadi. Uning aytishicha, jangarilar qochqinlar lagerlarida yashirinib, hujumlar rejalashni odat qilgan.
Facebook Forum