Breaking News

Pokiston AQSh bilan hamkorlik shartlarini e’lon qildi


Pokiston parlamenti AQSh bilan hamkorlik kelishuvini qayta ko’rib chiqib, bir qanchashartlar qo’ymoqda.

Amerikaning uchuvchisiz samolyotlari Pokiston hududida parvoz qilishi man etiladi. NATO, Shimoliy Atlantika bloki, pokistonlik zobitlar hayotiga zomin bo’lgan hujum uchun kechirim so’rashi kerak bo’ladi.

Pokiston parlamentining milliy xavfsizlik qo’mitasi raisi Raza Rabboniy 14 bandli hujjatni taqdim etar ekan, AQSh bu mamlakat suverenitetini oyoq osti qilishiga ortiq chidab o’tirmaymiz, dedi.

“AQSh harbiylarining Pokistondagi faoliyatiga qayta baho berish vaqti keldi”, - deya senator uch talab qo’ydi.

AQShning o'zini o'zi boshqaruvchi samolyotlari al-Qoida makonlarini nishonga olishda effektiv qurol hisoblanadi
AQShning o'zini o'zi boshqaruvchi samolyotlari al-Qoida makonlarini nishonga olishda effektiv qurol hisoblanadi
“Pilotsiz samolyotlar Pokistonda hujumlarni bas qilishi kerak. Ikkinchidan, bu davlat chegarasini buzib kirishga hech narsa bahona bo’la olmaydi. Va uchinchidan, Pokiston o’z hududi orqali Afg’onistonga qurol-yarog’ olib o’tilishiga ruxsat bermaydi”.

AQSh, Pokiston va NATO hamkorligiga doir yangi hujjatda maxfiy operatsiyalar ham man etilgan. Xususiy kontraktor firmalari va razvedkachi agentlar Pokistonga qo’yilmaydi, deyiladi tavsiyanomada.

Qo’shma Shtatlar rasmiy Islomobod bilan do’stona aloqalar tiklanishini istaydi. 2014-yilda Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqish uchun ta’minot yo’llari kerak unga. Ammo al-Qoida va Tolibonnning Pokistondagi bazalarini havodan nishonga olishda davom etamiz, deydi harbiylar. Ushbu missiya Pokiston razvedkasining roziligi bilan amalga oshirilayotgani aytiladi.

Pokistonlik qonunchilarning yana bir talabi – AQSh o’tgan yilning noyabrida, Afg’oniston bilan chegarada NATO hujumida 24 zobitning o’limi uchun kechirim so’rashi kerak. Vashington nazarida fojiada har ikki tarafning xatosi bo’lgan, uzr so’rashga hojat yo’q.

Bu voqea ketidan orada hamkorlik to’xtab qolgan. Pokiston hukumati Afg’onistonga yuk tashuvchi yo’llarni yopib, parlament tekshiruv boshlagan edi.

Hamkorlikning yangi shartlarini tuzishga barcha siyosiy partiyalar, jumladan muxolifat va qurolli kuchlar ham hissa qo’shgani ma’lum.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy so’zlariga ko’ra, xavfsizlik va milliy manfaatlarga kelganda mamlakat birlasha olishini namoyish etmoqda.

Uning aytishicha, bundan buyon AQSh bilan hamkorlik parlament qo’yayotgan talablar asosida yuritiladi. Vashingtonning pozitsiyasi shuki, suverenitet va xavfsizlik ehtiyojlari o’rtasida muvozanat bo’lishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG