Pokiston armiyasi rahbari general Rohil Sharif dushanba kuni AQShda bo'ladi. Besh kun davomida u Obama ma'muriyati vakillari hamda AQSh harbiy rahbarlari bilan Janubiy Osiyo mintaqasida terrorizmga qarshi kurash, qo'shni Afg'onistonga Tolibon bilan tinchlik bitimiga kelishishda yordam berish haqida gaplashadi.
General Sharif AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori, Vitse-prezident Jo Bayden, Davlat kotibi Jon Kerri, Mudofaa vaziri Eshton Karter bilan muloqot qiladi.
Sharifning aytishicha, u AQSh arboblariga Pokistonning Afg'oniston bilan chegaradosh va notinch shimoli-g'arbiy hududlarida jangarilarga qarshi harbiy amaliyotlar muvaffaqiyatlari haqida ma'lumot beradi.
Pokiston armiyasi operatsiyani salkam bir yarim yil oldin, avval Shimoliy Vaziristonda boshlagan, so'ng boshqa hududlarga ham ko'chirgan.
Pokiston harbiylari bergan ma'lumotlarga qaraganda, shu kungacha 3500 dan ziyod mahalliy va xorijiy jangari yo'q qilingan, yuzlab askarlar nobud bo'lgan. Amaliyot natijasida Pokistonda terror xurujlari ancha kamaygani ta'kidlanadi.
Generalning aytishicha, Afg'oniston bilan chegarani mustahkamlash va terrorchilarning tashqi moliya manbalariga zarba berish kerak.
Afg'oniston hukumati Tolibon bilan kelishib, ko'p yillik ichki nizoga chek qo'yishga harakat qilmoqda. Tolibon bilan o'tmishda yaqin aloqada bo'lgan Pokiston Kobulga bu ishda yordam berishi mumkin. Afg'on hukumatiga ko'ra, qo'shni davlat jangarilarni haligacha qo'llab-quvvatlamoqda. Islomobod bu da'volarni rad etadi.
Pokistondagi ayrim rasmiylarning bildirishicha, tinchlik muloqoti yaqin orada jonlanishi mumkin. Shunday bo'lgan taqdirda Islomobod afg'on hukumati ichidagi ayrim kuchlarning jarayonga halaqit berishidan xavotirda. General Sharif AQSh rasmiylaridan ularni bu ishdan tiydirishni so'rashi mumkin.
Qo'shma Shtatlar va Xitoy Afg'oniston va Pokiston rahbarlarini jangarilarni muzokaraga da'vat etishda o'zaro hamkorlikka chaqirmoqda.
Tinchlik muloqoti iyul oyida, Tolibonning uzoq yillik rahbari Mulla Umarning o'limi haqida xabarlar tarqalgach, to'xtab qoldi. Harakat yangi rahbarni tayinlash hamda uning nomzodiga qarshi bo'lgan qo'mondonlar bilan kelishish bilan ovora bo'ldi.
Pokiston Senatida Mudofaa masalalari qo'mitasi raisi Mushohid Husayn muzokaralarni to'xtagan joyidan davom ettirishni taklif etmoqda.
“Hammasi yaxshi bo'ladi degan umiddaman. Pokiston, Xitoy va AQShning afg'on tinchlik jarayonini hamkorlikda jonlantirishga qo'l urgani ijobiy hol, natijasi yaxshi bo'lishiga umid qilaman", - deydi senator.
Ba'zi afg'on rasmiylariga ko'ra, ular Pokistonning tinchlik jarayonida vositachi bo'lishini istamaydi. Prezident Ashraf G'anining siyosiy raqiblari va, hatto, ayrim tarafdorlari undan shuni talab qilgan.
Yozdan beri Afg'onistonda jangarilar xurujlari ko'payganidan so'ng hukumat Pokiston bilan bu masalada hamkorlikni to'xtatib qo'ydi, chunki ba'zi rasmiylarga ko'ra, xurujlar ortida Pokiston turibdi.
“Pokiston o'z hududida jangari guruhlarga qarshi dadil kurashishi lozim. Jangarilar u yerda bemalol majlislar o'tkazib, Afg'onistonga qarshi urush e'lon qilmoqda, hujumlar rejalamoqda. Pokiston ularga qarshi chora ko'rsa, shuning o'zi bizga katta yordam bo'ladi", - deydi Afg'oniston prezidentining matbuot kotibi Zafar Hoshimiy.