Breaking News

Isroil Falastin bilan tinchlik muzokaralarini to'xtatdi


XAMAS va FATH qo'shma hukumat tuzmoqchi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:03 0:00
Falastinning G’arbiy sohil va G’azo mintaqasidagi yetakchilari yaqin kelajakda qo’shma hukumat tuzishga kelishib oldi. Falastinliklar bu yangilikni olqishlagan bo’lsa, AQSh va Isroil uni tinchlik muzokarlarini davom ettirish imkoniyatining boy berilishi deb ko’rmoqda.
Siyosiy raqiblar hisoblanuvchi XAMAS va FATH guruhlari 23-aprel kuni qo’shma hukumat tuzish bo’yicha muzokaralarni boshlash haqida kelishib oldi. XAMAS yetakchisi Ismoil Haniya G’azoda to’plangan falastinliklarga shu haqda ma’lum qildi.

“Besh hafta ichida prezident Mahmud Abbos boshchiligida o’tish hukumatini tuzish bo’yicha kelishuvga erishdik”, - dedi u.

2007-yilda XAMAS Falastin hukumatidan ajrab, G’azoni egallab olganidan beri ikki siyosiy guruh kelisha olmaydi. XAMAS guruhi prezident Mahmud Abbosni Isroil va uning G’arbdagi ittifoqchilariga qarshi bo’sh siyosat yuritishda ayblaydi. Shu paytgacha tomonlar o’rtasida kelishuv o’rnatishga qaratilgan bir necha harakat samarasiz yakunlangan.

Falastin Tashqi ishlar vaziri Riyod Al-Malikiy guruhlar o’rtasidagi bo’linishga chek qo’yish uchun Falastin ozodlik tashkiloti jiddiy sa’y-harakat olib borayotganini ta’kidladi.

“Biz G’azoga tashkilot delegatsiyasini yuborganimizda maqsadimiz kelishuvga erishish edi. Boshqa biror manfaatni ko’zlaganimiz yoki o’yin o’ynaganimiz yo’q. Hammasi o’rtadagi bo’linishga chek qo’yish haqida”, - dedi u.

Isroil XAMAS va FATH o’rtasidagi kelishuvni keskin qoralab chiqdi. Xavfsizlik vazirligi Falastin bilan tinchlik muzokaralari to’xtatilganini ma’lum qilib, Falastinning bu qaroriga qarshi zarur choralar ko’rilishini ta’kidladi.

XAMAS guruhi Isroil davlatini tan olishdan bosh tortib keladi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Falastin rahbari Mahmud Abbosni tinchlik muloqotini ataylab yo’qqa chiqarishga urinayotganlikda aybladi.

“Biz falastinliklar bilan muzokaralarni qayta boshlashga urinamiz. Har doim shu ishga qo’l urganimizda, Mahmud Abbos qo’shimcha shartlarni olg’a suradi. Chunki ularni Isroil qabul qila olmasligini biladi. U Isroil bilan tinchlikka erishish o’rniga XAMAS bilan tinchlik o’rnatishga urinyapti. U tanlash ixtiyoriga ega. Isroil bilan tinchlik o’rnatishni xohlaydimi yoki XAMAS bilanmi? Ulardan faqat bittasini tanlashi kerak, ikkalasini emas. U tinchlikni tanlashiga umid qilaman. Ammo shu paytgacha bunday qilmadi”, - dedi Isroil bosh vaziri.

Isroil va AQSh XAMASni terrorchi tashkilot deb biladi. G’arbiy sohildagi Falastin hukumati hamda Istoil o’rtasidagi so’nggi muzokaralarga Vashington vositachilik qilayotgan edi.

AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jen Psakining aytishicha, Falastindagi so’nggi siyosiy o’zgarish tinchlik muloqotini izdan chiqaradi.

“Har qanday Falastin hukumati zo’ravonlikni inkor etishi, Isroil davlatini tan olishi va avval erishilgan bitimlarga va majburiyatlarga rioya qilishi kerak. So’nggi yangilik va uning e’lon qilinish vaqti bizni tashvishga soldi, hafsalamizni pir qildi”, - dedi AQSh rasmiysi.

Ammo falastinliklar ichki siyosiy ziddiyatlardan charchagan. Ular siyosiy guruhlarning birlashishi haqidagi xabarni quvonch bilan kutib oldi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG