Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romnini ko’pchilik saylovchilar sovuq, oddiy odamlardan yiroq va bosim ostiga olinganda siyosiy qarashlari o’zgarib turadigan arbob deb ta’riflaydi. Romni vitse-prezidentlik uchun kongressmen Pol Rayanni tanladi. Rayan yosh, ammo elga yaxshi tanilgan siyosatchi.
42 yoshli Pol Rayan omma oldida gapirganida ko’pincha bolalik yillarini yodga oladi.
"Otam vafot etganida go’dak edim. O’git-nasihatlari hech yodimdan ko’tarilmaydi. Otam aytardi: o’g’lim, doimo muammoning o’zagi emas, yechimi bo’lgin",- deydi Rayan.
42 yoshli Pol Rayan omma oldida gapirganida ko’pincha bolalik yillarini yodga oladi.
"Otam vafot etganida go’dak edim. O’git-nasihatlari hech yodimdan ko’tarilmaydi. Otam aytardi: o’g’lim, doimo muammoning o’zagi emas, yechimi bo’lgin",- deydi Rayan.
Yosh, lekin tajribali qonunchini tanlaganim bejiz emas, deydi Mitt Romni.
"G’ayrati va uzoqni ko’ra bilishi Pol Rayan Respublikachilar partiyasining intellektual yetakchisiga aylantirdi. Amerika yuzlashayotgan moliyaviy qiyinchiliklarni u tushunadi",- deydi Romni.
Pol Rayan Ogayo Universitetida iqtisod va siyosiy fanlardan tahsil olgan. Kongressga 28 yoshida saylangan. O’shandan beri yana yetti bor qayta saylandi, o’zi tug’ilib o’sgan jamoa manfaatlarini himoya qiladi.
"Bu bebaho tajribani Romni ma’muriyatida ishga solishga tayyorman",- deydi kongressmen.
Rayan - AQSh Vakillar Palatasida Byudjet qo’mitasi raisi. Federal byudjet hajmini, sarf-xarajatni trillionlab dollarga kamaytirish takliflari bilan tanilgan. Keksalar uchun mo’ljallangan Medicare sog’liqni saqlash dasturini ham tubdan o’zgartirmoqchi.
Obama, deydi Pol Rayan, Amerikani kelajakka yetaklay oladigan prezident emas.
Davlatimiz ixchamroq boshqaruv tizimiga qaytishi kerak. Soliqlar, qonun-qoidalar kamaysin. Shundagina xalq farovonligi oshadi. Yo’qsillarga bizchalik yordam beradigan iqtisodiy tizim yo’q bu dunyoda.
Pol Rayan uch farzandning otasi. Katolik. Ayni jins vakillarining turmush qurishi va abortga qarshi.
Prezident Obama u haqda shunday deydi:
Kongressmen Rayan namunali fuqaro, oilasiga mehribon. So’zga chechan, o’z partiyasiga sodiq. Lekin bizning qarashlarimiz tubdan farq qiladi.
Jennifer Loless Vashingtondagi Amerika Universitetida dars beradi. Rayanni tanlab, Romni aqlli qaror qildi, deydi u.
"U qo’shilishi bilan kampaniyaga o’zgacha zavq-shavq va g’ayrat olib keldi. Konservativ qarashlari bilan shu toifadagi saylovchilarni o’ziga maftun eta oladi. Prezidentlikka da’vogarning kamchiliklarini to’ldira oladigan siyosatchi Rayan".
Massachussets shtati sobiq hokimi prezidentlikka nomzodini e’lon qilganida, kongressmen Pol Rayan uni birinchilardan bo’lib qo’llagan edi. Agar Romni g’alaba qilsa, vitse-prezident lavozimi uniki.