Qochoqlar, odatda, yangi mamlakatga kelganda hech vaqosi bo'lmaydi. Ammo aksariyatida ish malakasi, bilim va ko'nikma bo'ladi. Arizona shtatida yaqinda dunyoning turli qismlaridan kelgan 20 qochoq ayol o'zlari yasagan buyumlarni namoyish qildi.
"Men Iroqdanman. O'qituvchi bo'lganman, ikki o'g'lim bor edi. Bittasi Bag'dodda halok bo'ldi. Ikkinchi bolam bilan Turkiyaga borishga qaror qildim, chunki uni himoya qilishim kerak edi. So'ng Arizonaga keldim", - deydi Nada ismli ayol.
"Suriyadan qochib keldim. Chunki u yerda bolalarim xavfsizligi, ta'limlarini davom ettirishi uchun imkoniyat yo'q edi. Erimning restorani ham kuyib kul bo'ldi", - deydi yana bir qochqin ayol.
"Biz Afg'onistondan keldik, men, onam va ikki opam bilan. Chunki u yerda ayollar uchun hech qanday sharoit yo'q", - deydi afg'onistonlik qochqin.
Mamlakatlari va kelib chiqishlari har-xil bo'lsa-da, ularning boshdan kechirganlari deyarli bir xil.
Finiks shahrida 20 dan ortiq ayol g'amgin o'tmishlarini unutib, uyda o'z qo'llari bilan yasagan mahsulotlarini savdoga qo'ydi.
Arizona davlat universitetining ko'ngilli talabalari ular uchun bozorcha tashkil qilishda yordam berdi.
"Global bozor loyihasi Arizonadagi mahalliy nodavlat tashkilotlar yordamida yo'lga qo'yildi. Biznes olamidan namuna oldik. Uni ijtimoiy yordam ko'rsatish g'oyasi bilan bog'ladik", - deydi Arizona universiteti talabasi Alya Al-Madid.
Amerika Musulmon ayollar assotsiatsiyasi ham ko'mak ko'rsatmoqda.
"O'tgan yili qochqin ayollarning malakasini oshirish dasturini boshladik. Ularga tikishni, so'ng mahsulotlarini sotishni o'rgatyapmiz", - deydi assotsiatsiya rahbari Asna Mas'ud.
Ular hunarmandchilik buyumlari, fartuk, sovun, shirinliklar va zargarlik buyumlarini yasab, sotuvga chiqarmoqda.
"Bunday bozor menga qulay, chunki hamma narsamni olib kelishim mumkin. Ular uyimda turardi, bugun ikkita surat va zargarlik buyumlarimni sotdim", - deydi iroqlik ayol.
Bozor fevral oxirigacha davom etdi. Uni yanada kengaytirish rejada bor.
"Maqsad ularni qisqa muddatli daromad bilan ta'minlash emas, balki ularga o'z bizneslarini qanday boshqarishni, qanday ishbilarmon bo'lishni o'rgatish", - deydi tashkilotchilardan biri.
O'zi yasagan sovun va gigiyena mahsulotlarini sotayotgan Tara Albarazanchi ham mamnun.
"Bu bozorcha orqali do'konda ishlash, odamlar va pul bilan muomala qilish, hisob-kitob yuritish sirlarini o'rgandim. Mahsulotlarim haqida gapirib beryapman. Menga shu narsa kerak edi", - deydi u.
Mijozlar ham nimadir o'rganadi, deydi tashkilotchilar.
"Xaridorlar dunyoning turli qismlaridan kelgan odamlar bilan muloqot qilish hamda ularning hayotini, qochoq bo'lish nima ekanini o'rganish imkoniyatiga ega bo'ladi. Dunyoning boshqa qismidan kelish nimani anglatishini his qilishadi", - deydi Alya Al-Madid.
Facebook Forum