AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi bu yilgi hisobotida sakkiz davlatni, jumladan Tojikistonni "alohida xavotirga molik" davlatlar qatoriga kiritishni tavsiya qiladi. Bu maqom berilgan hukumatga nisbatan Amerika sanksiyalar qo'llashi mumkin, ya'ni hamkorlik cheklanadi.
Birma, Xitoy, Eritreya, Eron, Shimoliy Koreya, Saudiya Arabistoni, Sudan, Turkmaniston va O’zbekiston anchadan beri bu ro’yxatda.
Terrorizm va qonli mojarolar tufayli yuzaga kelgan gumanitar inqiroz o’tgan bir yilda ko’plab davlatlarni o’z domiga tortdi. Xalqaro hamjamiyat bu bizning ishimiz emas deya yuz og’ira olmaydi, chunki urush-to’polonlar bir hudud bilan cheklanib qolmaydi, boshqa joylarga ham tarqaladi, deya qayd etadi AQShning Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiyasi.
Ozchilikdagi jamoalar va ularga bo’lgan munosabat bu mustaqil komissiyaning doimiy e’tiborida. Diniy erkinlik va uzviy huquqlar himoyasi nima uchun muhim deb so’ralganda, “Islomiy davlat” singari ekstremist guruhlar sodir etgan vahshiyliklarga nazar solishning o’zi kifoya.
Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha komissiya 33 mamlakatdagi ahvolni o’rgangan, shularning yarmidan ko’pi Osiyoda. Markaziy Osiyo haqida gap ketganda tanqidlar asosan fuqaro huquqini cheklovchi qonunlar, nasroniylarga munosabat va musulmonlar qattiq nazoratga ekaniga qaratiladi.
TOJIKISTON
Bu yilgi hisobotda O’zbekiston va Turkmanistonni qora ro’yxatda qoldirish, unga Tojikistonni qo’shib qo’yish esa uchinchi marta so’ralmoqda. Tojikiston - 18 yoshga kirmagan fuqarolarni masjid va diniy tadbirlardan chetlatayotgan yagona davlat, deya qayd etadi komissiya. Davlat iznida bo’lmagan har qanday diniy faoliyat va guruhlar keskin ta’qib qilinadi.
O'ZBEKISTON (to'liq hujjat o'zbek tilida mana bu yerda)
O’zbekiston 2006-yildan buyon “xavotirga molik davlat” lar ro’yxatidan tushgani yo’q. Hukumat diniy tashkilotlar faoliyatini hamda fuqarolarning e'tiqod qilish erkinligini keskin cheklaydi. Komissiyaga ko’ra, bugun O’zbekistonda ekstremist tamg'asi bilan qamalganlar soni 12 mingni tashkil etadi.
Shunday bo’lsa-da, respublika 2009-yildan beri sanksiyalardan xoli, Vashington uchun strategik hamkorlik ustun. Shu yil boshida mamlakatga 300 dan ziyod harbiy zirhli mashinalar yuborish haqida e’lon qilingan edi.
TURKMANISTON
Turkmaniston ham O’zbekiston kabi e’tiqod erkinligi bo’yicha har yili eng past bahoga loyiq ko’riladi. O’lkada ro’yxatga olingan va olinmagan diniy tashkilotlar birdek bosim ostida. Huquq tashkilotlarining tinimsiz tanqidlaridan so’ng Turkmaniston o’tgan yili qora ro’yxatga tushdi. Biroq Vashington o’zaro manfaatli hamkorlikka ishora qilib, jazo choralarini qo’llamaydi chunki respublika Afg’oniston bobida hamkor.
QOZOG'ISTON VA QIRG'IZISTON
Komissiya xulosasiga ko’ra, xalqaro miqyosda diniy bag’rikenglikni targ’ib etib kelayotgan Qozog’istonda ham e’tiqod cheklanishi jiddiy muammo. 2011-yilda qabul qilingan qonun diniy guruhlarni ro’yxatdan o’tkazishni qiyinlashtiradi va natijada ular soni keskin kamaygan. Qirg’izistondagi vaziyat esa kuzatuv ostida.
TAVSIYALAR
Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya AQSh hukumatiga O’zbekiston borasida quyidagilarni maslahat beradi:
- Bu davlatni qora ro’yxatdan chiqarish uchun Toshkentdan qanday qadamlar kutilayotgani e’lon qilinsin va kelishuv imzolansin;
- AQSh O’zbekistonga ko’rsatadigan harbiy-iqtisodiy yordam huquqiy ahvol yaxshilanishiga bog’liq deb belgilansin;
- BMT tergovchilari respublikada tekshiruvlar o’tkazishi uchun imkoniyat yaratilsin;
- Yillik maslahat kengashlarida inson huquqlari va e’tiqod erkinligi ochiq muhokama qilinsin;
- “Amerika Ovozi” va “Ozodlik” radiolarining o’zbek xizmatlari faoliyati hamda respublikaga erkin axborot uzatilishi davom etishi ta’minlansin.
1998-yilda tuzilgan Xalqaro diniy erkinlik bo’yicha komissiya AQSh prezidenti, davlat kotibi va Kongressga muntazam ravishda hisobot va maslahat berib turadi. Ammo Amerika hukumati uning tavsiyalari asosida boshqa davlatlarga nisbatan biror chora ko’rishga majbur emas.