Breaking News

Respublikachilar: Mit Romni atrofida birlashish vaqti keldi


Mit Romni Obamaga qarshi prezidentlik saylovida Respublikachilarning rasmiy nomzodi bo'lishi kutilmoqda.
Mit Romni Obamaga qarshi prezidentlik saylovida Respublikachilarning rasmiy nomzodi bo'lishi kutilmoqda.

Respublikachi nomzodlar o’rtasida Viskonsin, Merilend va Kolumbiya okrugida o’tgan saylovlarda Mit Romni raqiblarini dog’da qoldirdi. Kuzda demokratlar nomzodi Barak Obama bilan kim bellashishi tobora ayonlashib bormoqda.

Massachusets shtati sobiq gubernatori Mit Romni prezidentlik poygasida Obamaning raqibi bo’lishga yaqin turibdi. Iyun oyigacha u kerakli 1144 delegatni qo’lga kiritishi kutilmoqda. Romni endi asosiy e’tiborini partiyadosh raqiblariga emas, balki amaldagi prezidentga qarshi qaratmoqda.

“Noyabrga oz qoldi. Tanlovga partiyalar yoki shaxslar emas, balki tamoyillar qo’yiladi. Erkinlik va imkoniyat uchun ovoz beramiz”, - deydi Romni.

Respublikachilardan prezidentlik uchun yana bir da'vogar Rik Santorum.
Respublikachilardan prezidentlik uchun yana bir da'vogar Rik Santorum.
Amerika siyosatida hukmron Demokratik va Respublikachilar partiyasining fikr-qarashlari bir-biridan keskin farq qiladi.

“Kelajagimiz uchun munosib yo’lni tanlash xalqqa havola”, - deydi Barak Obama.

Mitt Romnining asosiy raqibi Rik Santorum va boshqa respublikachi da’vogarlar poygani hali tark etgani yo’q. Tahlilchilar fikricha, may oyiga borib ko’p narsa hal bo’ladi. Ommaviy so’rovlar nomzodlik uchun kurash nihoyalab qolganidan darak bermoqda.

Rik Santorum shu oy oxirida ona shtati Pensilvaniyada g’alabani qo’lga kiritish umidida. “Konservativ qadriyatlarni targ’ib qilish orqali biz maqsadga albatta erishamiz”, - deydi u.

Respublikachilar nazarida Santorum uchun poygani tark etish vaqti keldi. 2008-yilgi prezidentlik saylovida Obamaga yutqazgan senator Jon MakKeynning aytishicha, Santorum mag’lubiyatni tan olib, Romniga joyni bo’shatib berishi kerak.

2008-yilgi prezidentlik saylovida Obamaga imkoniyatni boy bergan respublikachi senator Jon MakKeyn.
2008-yilgi prezidentlik saylovida Obamaga imkoniyatni boy bergan respublikachi senator Jon MakKeyn.
“Bu uzoq kurash barcha respublikachi nomzodlarning reytingiga salbiy ta’sir etmoqda. Kampaniyaga nuqta qo’yib, Mitt Romni atrofida birlashaylik”, - deydi senator.

Siyosiy sharhlovchi Richard Volf fikricha, Romni Obamaga qarshi eng munosib raqib ekaniga saylovchilarni ishontira oldi.

“Delegatlar soni hamda moliyaviy kuchi bilan u nomzodlikni qo’lga kiritadi. U raqiblaridan har jihatdan ustun ekanini ko’rsatmoqda”, - deydi u.

Respublikachilar o’z safidan yagona nomzodni aniqlab bo’lishgach, uzoq va mashaqqatli kampaniya endi ikki asosiy raqib o’rtasida noyabrgacha davom etadi.

Tahlilchi Metyu Doud buni “200 kunlik urush” deya ta’riflaydi. “Qizig’i shundaki, raqiblar bir-birini bir xil narsada ayblamoqda: xalqdan uzilib qolish, uning dardini tushunmaslik, takabburlik va nosamimiylik”.

Partiyaviy saylovlar iyun oyi oxirida yakuniga yetadi. Avgust oyining so’nggi haftasida esa Respublikachilar partiyasi qurultoy o’tkazib, o’z nomzodini e’lon qiladi. Shundan so’ng demokratlar ham yig’ilib, Obamani rasman nomzod sifatida ko’rsatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG