AQShda prezidentlikka intilayotgan respublikachilar soni bittaga qisqardi. Pensilvaniya shtatidan sobiq senator Rik Santorum poygani tark etdi.
11 shtatda respublikachilar fotihasini olgan siyosatchi ijtimoiy masalalarga, jumladan dinning turmush va siyosatdagi roliga urg'u berib, keskin bahs-munozaralarga sabab bo'lgan edi.Siyosat va din bir-biridan uzoq tushunchalar emas, hokimiyatda dinga e'tibor bermaslik xato degan gaplari bilan Santorum Amerika bosh qomusidagi eng oliy qadriyatlarni savolga tutgan edi. AQShga asos solgan insonlar aslida dindor bo'lgan, bu davlat nasroniy ekani bilan faxrlanishi lozim, deb chiqqan edi u.
Bugun ona shtatidan turib qilgan bayonotida Santorum respublikachilarni bir maqsad ostida birlashishga undadi: Barak Obamani prezidentlikdan olish.6-noyabrda o'tadigan saylovda konservativ g'oyalarga sodiq arbob g'alaba qozonishi kerak, deydi u.
Shtatma-shtat o'tayotgan saralash jarayonida Mitt Romni oldinda ketmoqda. Romni - Massachussetts stati sobiq gubernatori.
Qolgan ikki da'vogar, Texasdan kongressmen Ron Pol va Jorjiya shtatidan sobiq kongressmen Nyut Gingrich, poygada Santorumdan orqada. Lekin ular hozircha ahdida qat'iy ekanini aytmoqda.Respublikachi yetakchilar, jumladan senator Jon Makkeyn nazarida partiya Mitt Romni ortida birlashishi va uni yagona nomzod deb tan olishi kerak. Aks holda, deydi u, respublikachilar Obamaga qarshi kampaniyaga zo'r bermay, o'zaro bellashuvdan bo'shamay, vaqtni boy berib qo'yadi.