AQShda koronavirus tarqala boshlaganida millionlab qariyalar, nogironlar va boshqa odamlar odatiy oziq-ovqat manbalaridan uzilib qoldi. Shu bilan birga, restoranlar yopilib, xodimlarini ishdan bo’shatdi. Kaliforniyadagi bir tadbirkor ayol restoranlarni muhtojlar bilan bog’lash yo’lini topdi.
Heng Trong “Noodle Girl” nomli kichik restoranini ochganida, uning orzusi o’zi yaxshi bilgan Vyetnam taomlarini yangi vatani Kaliforniyaga olib kelish edi.
“Bolaligimda onam menga tayyorlab bergan ovqatlarni sog’inaman. Kaliforniya restoranlarida o’sha mazani topa olganim yo’q”, - deydi Trong.
So’ngra pandemiya boshlandi. “Noodle Girl” qatorida San-Fransisko va uning atrofidagi barcha restoranlar noma’lum muddatga yopilishga majbur bo’ldi.
Shirinliklar do’koni egasi Lenor Estrada ham o’z biznesi eshiklarini yopdi.
“Xodimlarni tezda ishdan bo’shatmasak, bankrot bo’lishimizni bilardim”, - deydi u.
Estrada yangi tashabbus bilan chiqdi. Texnologiya sanoatida ishlaydigan do’stining salmoqli xayriya puli bilan “SF New Deal” nomli tashkilot ochdi. Reja esa quyidagicha: restoranlarga ovqat tayyorlash uchun pul to’lanadi, ko’ngillilar uni keksalar va muhtojlarga yetkazib turadi.
“Oziq-ovqat ta’minotidan uzilgan odamlarga yordam beryapmiz. Ularga ilgari ko’rsatilgan xizmatlar to’xtab qolgan”, - deydi Estrada.
Ko’ngillilar yordami bilan “SF New Deal” tashkiloti ikki muhtoj jamoa o’rtasida ko’prik vazifasini bajarmoqda: qiynalib qolgan restoran ishchilari hamda uyda o’tirgan odamlar.
“Shunday qiyin davrda odamlarga yordam berish kerak”, - deydi Lina Garsiya.
Mart oyidan buyon notijoriy tashkilot 80 restoran bilan hamkorlikda 270 ming taom yetkazdi.
“Ushbu dastur biznes bilan bog’liq xarajatlarni qoplashga yordam beryapti. Vaziyat ishga tushgancha davom etadi degan umiddaman”, - deydi Trong.
“Ayrim restoranlar dasturni tugatish arafasida. Bir oy oldin bizga shunday yordam zarur edi, endi ko’proq onlayn buyurtmalarga o’tamiz, deb aytishyapti”, - deydi Lenor Estrada.
U ham shirinliklar do’konini qayta ochishga tayyorgarlik ko’rmoqda.
Facebook Forum