Breaking News

Mitt Romni va tashqi siyosat. Nomzodning qarashlari


Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni, 12-sentabr, 2012-yil.
Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni, 12-sentabr, 2012-yil.
Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni usta tadbirkor, biroq tanqidchilar nazarida unga tashqi siyosat bobida bilim va tajriba yetishmaydi.

Mitt Romni prezidentlikka saylansa, ilk xorijiy safari Isroilga bo’lishi haqida aytgan. Iyul oyida respublikachi nomzod bu davlatga tashrif buyurib, Suriya prezidenti Bashar al-Assadni tanqid qildi.

"Damashqdagi diktator na Isroilga do’st, na Amerikaga. Hokimiyatda qolish uchun o’z xalqini qirmoqda", - degan edi Romni o’shanda.

Suriyada armiya va isyonchilar olishayotganiga bir yildan oshdi. Romni prezident bo’lsa, isyonchilarga yordam beradi, deydi nomzodning tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Dov Zaxaym.

"Romni isyonchilarni qurollantirish uchun qo’lidan kelgancha harakat qilishini ochiq oydin aytgan", - deydi u.

Isroilga tashrifi chog’ida Romni Eron rahbarlaridan ham so’z ochdi.

"Eron rejimini yadro quroli yo’lidan qaytarish uchun barcha va har qanday chorani ishga solishimiz lozim. Diplomatik va iqtisodiy choralarning o’zi kifoya bo’lishiga umid qilamiz", - degan Romni.

Eron yadro dasturi tinch maqsadda ekanini aytadi. Zaxaymning aytishicha, Romni prezident bo’lsa, Eronni atom quroli yaratish salohiyatidan ayiradi.

"Romni “uranni boyitish yo’q, hech kim bundan mustasno emas” deb shart qo’yadi. “Talabga rioya qilmasangiz, harbiy chora ko’rishdan qaytmaymiz” deya jiddiy so’zlaydi. Albatta, muammoni qurolsiz hal eta olsak yaxshi bo’lardi", - deydi Romnining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi.

Demokratlar partiyasining qurultoyida prezident Obama raqibining tashqi siyosatga doir yondashuvini tanqid qildi.

"Al-Qoida emas, Rossiyani birinchi raqamli dushman deb atash arbobning hali ham Sovuq urush zamoni tushunchasi bilan yashashidan dalolat", - dedi Obama.

Romni chiqishlaridan birida Rossiyani Amerika uchun birinchi darajali geosiyosiy dushman deb atagan edi.

Rossiyaning Suriyaga doir AQSh taklif etgan bir necha rezolyutsiya loyihasiga BMT Xavfsizlik Kengashida to’siq qo’ygani va Eronga nisbatan qattiqroq choralarga qarshi chiqqanini Romni Obamaning zaifligidan deb biladi.

Dov Zaxaymning aytishicha, Romni Rossiyani dushman deb bilmaydi.

"Muammo bunda emas. Xavotirimiz shuki, Kreml inson huquqlari sohasida ortga chekinmoqda, qo’shni davlatlarga nisbatan agressiv siyosat yuritmoqda", - deydi u.

Mitt Romni Afg’oniston urushi bobida ham o’zgacha pozitsiyaga ega ekanini ta’kidlasa-da, qo’shinlarni 2014-yilgacha olib chiqish rejasiga qarshi emas.

"Agar harbiylar buni lozim deb bilsa, Romni rejadan qaytmoqchi emas", - deydi Dov Zaxaym.

“Biz Xitoyni ham dushman deb bilmaymiz” deydi Zaxaym, biroq Romni prezidentlikka saylansa, bu mamlakatni valyuta manipulyatori deb belgilashini bildirgan.

Afrikada esa, deydi nomzodning maslahatchisi, Mitt Romni taraqqiyot va sog’liqni saqlashga doir dasturlarni hamda terrorizmga qarshi kurashayotgan davlatlarni qo’llab-quvvatlashda davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG