Breaking News

Respublikachilar saylov oldi dasturida Xitoyni nishonga oldi


Prezidentlikka nomzod Mitt Romni rafiqasi Ann bilan. Tampa, Florida, 28-avgust, 2012-yil.
Prezidentlikka nomzod Mitt Romni rafiqasi Ann bilan. Tampa, Florida, 28-avgust, 2012-yil.
AQShda Respublikachilar partiyasi prezidentlikka nomzodni rasman e’lon qildi – Mitt Romni. Noyabrdagi saylovda u Demokratlar partiyasidan nomzod, amaldagi rahbar Barak Obama bilan bellashadi. Kimning g’alabaga imkoniyati balandroq?

Florida shtatining Tampa shahrida kecha respublikachilar qurultoyida tantanali ovoz berish marosimi o’tdi. Muxolifatning 50 shtat va hududdan yig’ilgan delegatlari Masachusets shtati sobiq gubernatori Mitt Romnini yoqlab chiqdi.

Nyu-Jersi shtati gubernatori, o’tkir chiqishlari bilan tanilgan Kris Kristi Obamani tanqid qila ketdi.

“Oq uyda bo’shang rahbarlar davriga yakun yasaydigan, haqiqiy yo’lboshchilarni tanlaydigan payt keldi. Amerika Mitt Romni va vitse-prezidentlikka loyiq Pol Rayan kabi yetakchilarga muhtoj, shularni tanlaylik”, - deydi gubernator Kristi.

Respublikachilar Romni va Rayanni olqishlayotgan bir pallada Tampada norozilik namoyishlari o’tdi. Odamlar oppozitsiyaning iqtisodiy va immigratsiyaga oid takliflaridan shikoyat qilmoqda.

Qurultoyda respublikachilar saylov oldi dasturni ham ma’qullab oldi. Platformada Xitoyning valyuta siyosati, intellektual mulkni o’g’irlash hollari tanqid qilinadi. Xitoy dunyoning eng qudratli iqtisodiyotlaridan va Amerikaning yirik savdo hamkori. Bundan tashqari, dasturda rasmiy Pekinning Janubiy Xitoy dengizidagi agressiv xatti-harakatlari yuzasidan ham tandiqdiy so’zlar bor. Respublikachilar, shuningdek, Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb biladigan orol davlatga qurol sotish siyosatini ma’qullab chiqmoqda.

Mitt Romni prezidentlikka saylansa, Xitoyni milliy valyuta qiymatini sun’iy ravishda past ushlab turishda ayblab, manipulyator deya tamg’alamoqchi.

Rasmiy Pekin Amerikadagi saylovda tarafkashlik qilmay keladi. Lekin joriy hafta Xitoy davlat matbuotida Romniga qarshi bir necha tahliliy maqolalar chop etilgan. “China Daily” nashri uning siyosatini urushqoq, Amerika-Xitoy aloqalariga ziyon keltirishi mumkin, deya ta’riflaydi.

Partiya platformasi ramziy ma’no kasb etib, prezidentlikka nomzod yoki boshqa arboblar unga amal qilishi shart emas.

Prezident Obama Xitoyni manipulyatsiyada ayblab chiqqanicha yo’q, lekin bu davlat iqtisodiy siyosatini keskin tanqid qilib, bir necha bor qattiq tortishgan. Shunday bo’lsa-da, respublikachilar nazarida Obama Xitoyning savdo bobidagi qonunbuzarliklariga tek qarab turib, taslim bo’ldi.

Demokrat Barak Obama saylovga taraddud ko’rib, shtatlar bo’ylab safar qilmoqda. Kecha Ayova shtatining Eyms shahrida u Ayova davlat universiteti talabalari oldida so’zladi. 2008-yilgi poygada Obama bu shtatda to’qqiz foiz ustunlik bilan g’alaba qozongan edi.
10 million talabaga atalgan moliyaviy yordamni kesib, boylarga yengillik yaratishga qarshiman...
Barak Obama


Prezident raqib respublikachilarni eskicha siyosatni olg’a surayotganlikda ayblab tanqid qiladi. Muxolifat ildam qadam tashlash, zamon muammolarini hal qilishga ojiz, deydi u.

“Avval ham, bugun ham bu siyosat ish bermagan va bermaydi. Millioner fuqarolarga soliq imtiyozlari yaratib, o’rta hol oilalar gardaniga qo’shimcha soliq yuklashga qarshiman. 10 million talabaga atalgan moliyaviy yordamni kesib, boylarga yengillik yaratishga qarshiman. Amerikaning qudrati, o’zagi o’rta sinfdir. Talabalar, mehnatkashlar, o’sib kelayotgan mutaxassislardir. Iqtisodiyotni ham ana shular ko’taradi”, - dedi Obama.
Romni siyosati urushqoq... Amerika-Xitoy aloqalariga ziyon keltirishi mumkin...
"China Daily"


Prezident to’rt yil oldin uni yoqlagan Kolorado shtatida ham bo’ldi. U Kolorado davlat universitetida studentlar ko’ngliga yo’l topishga harakat qildi.

Bugun Obama Virjiniyaga, kelasi haftalar esa Ogayo, Shimoliy Karolina va Floridaga yo’l oladi.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, Obama va Romni deyarli teng ketmoqda va har ikkisi 6-noyabrga qadar muhim saylovchilar qatlami sanalmish ayollar va yoshlar kabilarni ishontira olishi kerak bo’ladi.

Respublikachilarning Floridadagi yig'ini:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG