Breaking News

Romni: Amerika iqtisodi va qudratini qayta tiklayman


Payshanba kechqurun Respublikachilar partiyasi qurultoyida so’zlagan Mitt Romni rasman prezidentlikka nomzodlikni qabul qildi. Siyosiy faoliyatining eng muhim nutqida u "Amerika - buyuk davlat" degan maqomni tiklashga va’da berdi.

Televideniye orqali efirga uzatilgan nutqni millionlab amerikaliklar tomosha qildi.

“Prezident Obamaning muvaffaqiyatga erishishini istardim, chunki men Amerika muvaffaqiyati uchun qayg’uraman. Biroq uning va’dalari barchamizning umidlarimizni puchga chiqardi va millatni ajratdi”, - dedi amaldagi prezidentni nishonga olgan Romni.

“Biz vaziyatni o'zgartirishimiz kerak. Sizning yordamingiz bilan, albatta, o’zgartiramiz”, - dedi u delegatlar va saylovchilarga murojaat qilar ekan.

“Men amerikalikman. O’z taqdirimni o’zim belgilayman. Men, farzandlarim va oilam bundan yaxshiroq hayotga loyiq, qolaversa, mamlakat bundan yaxshiroq hayotga loyiq, deyish vaqti keldi!” - dedi Romni.

Kuzatuvchilar uning chiqishini respublikachi prezident, marhum Ronald Reyganning 1980-yilgi nutqiga o’xshatdi.

Romni, shuningdek, shaxsiy hayoti haqida gapirdi. Ota-onasini yodga oldi, mormon dinida ham to’xtaldi.

Iqtisodga alohida urg’u berar ekan, Romni “mamlakat ehtiyojlarini tushunish qiyin emas. Amerikaga yangi ish joylari kerak”, dedi.

Uning va’dalari orasida Obama 2010-yilda joriy etgan, sog'liqni saqlash tizimiga doir qonunni bekor qilish, mamlakatda qazib olinadigan neft hajmini oshirish, hukumat xarajatlarini qisqartirish va biznes uchun soliqlarni kamaytirish kabilar bor.

Mitt Romnining qurultoydagi nutqini tomosha qiling (ingliz tilida).

Romni, bundan tashqari, Amerikaning dunyodagi qudratini qayta tiklash kerak, “erkin dunyo – tinch dunyo” deya ta’kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG