Rossiyada o'tgan parlament saylovlaridan so'ng poytaxt Moskvada yirik norozilik namoyishi o'tib, politsiya 250 kishini hibsga olgan. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton deydiki, saylovlar ochiq va erkin o'tmagan.
"Ovoz berish paytida yo'lga qo'yilgan qonunbuzarliklar tergov qilinishi kerak", - deydi u.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev esa aksincha saylovlar demokratik ruhda o'tdi degan baho berdi.
Bugun Sankt-Peterburgda ham namoyish bo'lgan. 120 ga yaqin odam ushlangan. Moskvaga qo'shimcha politsiya kuchlari safarbar etilgan.
Saylovlarni kuzatgan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vakillariga ko'ra, qonunbuzarliklarning aksariyati Bosh vazir Vladimir Putinning "Birlashgan Rossiya" partiyasi foydasiga bo'lgan.
Saylovlarda berilgan ovozlarning 99,9 foizi hisoblab bo'lingan. "Birlashgan Rossiya" 49,3 foiz to'plashga muvaffaq bo'lgan. Keyingi o'rinlarda kommunistlar (19,2%) , "Odil Rossiya" sotsial-demokratik partiyasi (13,25%) va liberal-demokratlar (12%).