Breaking News

Rossiyalik milliarder prezident bo’lmoqchi


Milliarder Mixail Proxorov, Bosh vazir Vladimir Putin
Milliarder Mixail Proxorov, Bosh vazir Vladimir Putin

Rossiyaning eng davlatmand fuqarolaridan biri Mixail Proxorov kelasi yil martida bo’ladigan prezident saylovlarida qatnashmoqchi. U Bosh vazir Vladimir Putin bilan kuch sinashadi.

Rus milliarderi AQShning “Nyu-Jersi Nets” basketbol jamoasi egasi hamdir. “Poygada qatnashish hayotimdagi eng muhim qarordir”, - deydi u. Proxorov oy boshida o’tgan parlament saylovlarini keskin tanqid qilgan.

"RIA Novosti" axborot agentligining yoritishicha, tahlilchilar uning tashabbusini yengil qabul qilib, 10 foizcha to'plasa, ajabmas, demoqda.

46 yoshli Proxorov mulkini moliya va metal sohalarida orttirgan. “Nyu-Jersi Nets” jamoasini 2010-yilda sotib olgan.

“Forbs” jurnalining 2011-yilgi milliarderlar ro’yxatida 32-o’rinda qayd etilgan. Bor davlati 18 milliard dollar atrofida baholanadi. 1989-yilda Davlat Moliya akademiyasini tamomlagan.

Dekabrdagi parlament saylovlari ketidan keng ko’lamli norozilik namoyishlari bilan yuzlashayotgan Vladimir Putin qiyin ahvolda. Uning “Birlashgan Rossiya” partiyasi saylovda g’irrom o’ynadi, degan ayblovlar yangramoqda.

O’tgan shanba Moskvada o’n minglab fuqaro isyon ko’tarib, jarayon qayta o’tkazilishini talab qildi. 1990-yillardan beri hukumatga qarshi eng yirik chiqishlardan biri edi bu.

2000-2008-yillarda prezident bo’lgan Putin lavozimini Dmitriy Medvedevga bo’shatdi. Kelasi yil esa yana davlat tepasiga qaytib, Medvedevni bosh vazirlikka tayinlamoqchi. Bunday kelishuv Rossiyada aksariyat aholini g’azablantirdi.

Amaldagi rahbar Medvedev parlament saylovlariga doir shikoyatlarni tergov qilishga va’da berdi.

Lekin Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov so’zlariga ko’ra, arznomalar saylov varaqalarining bir foizini ham tashkil etmaydi va saylov natijalariga jiddiy ta’sir qilishi gumon.

Putinning “Birlashgan Rossiya” partiyasi poygada 50 foizdan sal kam ovoz olib, parlamentda mutlaq ko’pchilikni qo’lga kirita olmadi. Tanqidchilar nazarida bu raqamlar ham orttirib ko’rsatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG