Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev 2012-yilgi saylovlarda qatnashmaydi. Uning o'rniga hukmron "Birlashgan Rossiya" partiyasidan yagona nomzod Bosh vazir Vladimir Putin ishtirok etadi. Medvedev esa uning o'rnini egallashi kutilmoqda. Putinning prezidentlikka qaytishi Vashington-Moskva munosabatlari uchun nimani anglatadi?
Vladimir Putinning saylovlarda o'z nomzodini qo'yishi rossiyalik siyosiy tahlilchilar uchun yangilik bo'lmadi. Putinning g'alabasiga ham shubha yo'q, deydi ular, chunki muxolifat zaif, matbuot esa Kreml nazoratida.
Bosh vazir prezidentlikni qo'lga kiritsa, AQSh-Rossiya munosabatlari qay tomonga o'zgarishi mumkin degan savolga Davlat departamentining so'zlovchisi Mark Toner shunday javob berdi:
"Rossiya rahbarini xalq o'zi tanlaydi. Hokimiyatga kim kelishidan qat'iy nazar Amerika u bilan til topishishga majbur. O'zaro hamkorlikdan nafaqat davlatlarimiz, balki butun dunyo naf ko'radi".
Aksar tahlilchilar fikricha Vashington-Moskva aloqalari bugun 2008-yilga qaraganda, Rossiya-Gruziya urushidan beri ancha yaxshi. Medvedev prezidentligi paytida qurollarni nazorat etishga doir muhim bitim imzolandi, Afg'oniston, Eron, Liviya masalalari bo'yicha hamkorlik kuchaydi.
Kolumbiya universitetida Rossiya bo'yicha ekspert Robert Legvold ikki tomonlama aloqalar asta-sekin rivojlanmoqda, deydi.
"Ammo munosabatlarni pishiq deb bo'lmaydi. Biror voqea sabab yomonlashishi hech gap emas. Ayniqsa tomonlardan biri u yoki bu voqeaga keskin munosabat bildirsa", - deydi Legvold.
Rishtalarga AQShdagi prezident saylovlari ham bevosita ta'sir qiladi, deydi tahlilchi.
"Rossiyadagi saylov natijasini oldindan bilamiz. Ammo Amerikada 2012-yilning noyabrida bo'ladigan poyganing g'olibi kim bo'lishi mavhum. Obama ma'muriyati Rossiya bilan hozirgi aloqalarni davom ettirish tarafdori", - deydi Legvold.
Boshqa tahilchilar nazarida ham Putin prezidentlikka qaytsa AQSh-Rossiya munosabatlarida keskin o'zgarishlar bo'lmaydi.
Vashingtondagi Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg'armasi eksperti Metyu Rojanskiy ham bu fikrga qo'shilar ekan, Putin bosh vazirligida ham AQShga doir siyosatni qisman yuritgan, deydi.
"Shu sabab joriy yilda qabul qilingan Strategik qurollarni nazorat etish bitimi bekor qilinmaydi, Afg'oniston bo'yicha hamkorlikdan ham voz kechilmaydi. Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida Liviyaga qarshi NATO amaliyotiga doir rezolyutsiyaga to'siq qo'ymadi. Albatta, Putinning bu masalaga qarshiligidan xabarimiz bor, ammo Medvedev bilan kelishdi, unga bosim qo'ymadi. O'ylashimcha, ikkisi maslahatlashib siyosat yuritadi", - deydi Rojanskiy.
Uning aytishicha, AQSh-Rossiya munosabatlarining asoslari o'zgarmaydi, ammo Rossiya tashqi siyosatida ohang boshqacha bo'lishi aniq.
"Prezident Obama Medvedev bilan aloqani yo'lga qo'yish uchun ko'p harakat qildi, ko'p ter to'kdi. Foydasini ko'rdik. Medvedev bilan til topishish nisbatan oson kechdi. Har qalay ikki rahbar o'rtasida ko'p o'xshashlik bor. Ikkisi ham huquqshunos, texnologik tomondan taraqqiy etgan, globalizatsiya tarafdorlari. Putin esa boshqacha. U bilan til topishish oson bo'lmaydi", - deydi tahlilchi.
Ekspertlar xulosasi shuki, so'nggi yillarda Amerika-Rossiya munosabatlari shu qadar rivojlanganki, ziddiyatlarga to'la Sovuq urush davriga ortiq qaytilmaydi.
Bu o'rtada Putin Xitoyga safar qilmoqda. Rasmiy Pekinni tabiiy gaz bitimi bo'yicha murosaga ko'ndirmoqchi. Hujjat gaz narxidagi kelishmovchilik sabab imzolanmayapti. Putin Xitoyda ikki kun bo'ladi. Savdo va energetika masalalarini muhokamada.
Gaz bo'yicha bitim 2009-yildan beri joyidan siljimaydi. Putinning Xitoy bosh vaziriga aytishicha, har ikki tomon manfaatlariga javob beruvchi qarorga kelish kerak. Rejaga ko'ra, Xitoy kelasi 30 yilda Rossiyadan yiliga 70 milliard kubometr gaz sotib olmoqchi.
Tahlilchilar: Putin prezidentlikka qaytsa, AQSh-Rossiya aloqalari o'zgarmaydi
- Amerika Ovozi