Qirg’iziston prezident apparatining tashqi siyosat bo’limi tarqatgan bayonotga ko’ra, Rossiya harbiy obyektlari uchun ijara haqi o’zgarmaydi. Holbuki, kuni-kecha Mudofaa vaziri Taalaybek Omuraliyev kelasi yildan bazalar uchun to’lovlarni ko’taramiz deb chiqqan edi.
Mamlakatda Rossiyaga qarashli uch harbiy obyekt bor va yana bir baza Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga qarashli.
O’tgan hafta Qirg’iziston Mudofaa vaziri Taalaybek Omuraliyev, Rossiya axborot agentliklaridan biriga bergan intervyusida, 2014-yildan e’tiboran ushbu o’lkada joylashgan uch rus harbiy obyekti uchun ijara haqi ko’tariladi deb aytgan edi.
Ammo bir kun o’tgach Qirg’iziston prezidenti apparatining tashqi siyosat bo’limi mudofaa vazirining bu so’zlarini rad etgan.
Narxlar ko’tarilishi rus harbiy obyektlariga emas, balki tuzilajak mushtarak rus-qirg’iz harbiy bazasiga taalluqli ekanini bildirgan.
Bishkekdan harbiy tahlilchi, polkovnik Leonid Bondarets vaziyatni bunday sharhlaydi.
“Qirg’iziston byudjetida mablag’ yetishmaydi. Shu bois mudofaa vaziri so’zlarini tushunsa bo’ladi. Qolaversa, u ijara haqi inflyatsiya sabab ko’tarilishini aytgan. Bu esa uncha katta raqam bo’lmaydi. Agar ijara haqi keskin ko’tarilsa, Rossiya o’z obyektlarini olib chiqib ketishi mumkin. Menimcha, buni bizning mudofaa vazirligimizdagilar yaxshi tushunadi, axir ushbu bazalar Qirg’iziston uchun o’ziga xos barqarorlik faktori bo’lib xizmat qiladi”.
Quyidagi obyektlar ustida gap ketmoqda: Issiq-Ko’ldagi suvosti qurollarini sinash bazasi, Qora-Boltadagi harbiy aloqa markazi, Moyli-Suv shahridagi radioseysmik laboratoriya va Qant shahridagi aviabaza. Aytish joizki, ushbu baza Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti manfaatlarida faoliyat ko’rsatadi.
Bir necha oy muqaddam Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev Rossiya tomon qarzlari masalasini ko’targan va Moskva tez orada harbiy obyektlar uchun to’planib qolgan to’lovlarni o’tkazib bergan edi.
Ammo ijarani ko’tarish masalasida ayrim qirg’iz mulozimlari bot-bot matbuotda so’z yuritib keladi.
“O’ylaymanki, rus harbiy bazalari uchun ijara haqi uncha oshmaydi. Gap shundaki, aynan Rossiya bizga imtiyozli narhlarda harbiy texnika va ehtiyot qismlar yetkazib bermoqda, turli gumanitar yordam ko’rsatyapti. Hisoblab ko’rganda, bu ijara haqi ko’tarilishidan kelishi ehtimol foydadan ancha ko’p. Prezident apparatidagilar ijara haqi ko’tariladi, deyayotgan rus-qirg’iz harbiy bazasiga kelsak, bu hali qog’ozdagi loyiha. Bunday baza hali tuzilgani yo’q”, - deydi Bondarets.
Harbiy tahlilchi fikricha, Qirg’iziston mudofaa vaziri bayonoti rus mutaxassislari tomonidan keskin chiqishlarga sabab bo’lgan. Va bu hol prezident apparatini tushuntirish berishga undagan.
Ayni paytda Qirg’izistondagi xorijiy harbiy bazalar uchun to’lovlar masalasi mahalliy siyosatchilar uchun o’ziga xos dastak bo’lib qolgani sir emas.
“Bu bazalar savdo vositasi bo’lib qoldi. Rossiya bazalari ham, Amerika bazasi ham. Endi hamma narsa Qirg’iziston rahbariyatiga bog’liq. Qirg’iziston o’z xavfsizligini ta’minlashni astoydil istasa, Kollektif Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini kuchaytirish va Rossiyani o’lkadan chiqarib yubormaslikka intiladi”, - deydi polkovnik Leonid Bondarets.
Aksar mahalliy kuzatuvchilar fikricha, rasmiy Bishkek va Moskva o’rtasida harbiy obyektlari masalasida keskin tortishuvlar bo’lmaydi. Bu borada tomonlar-aro manfaatlar ustivorlik qiladi, deydi mahalliy mutaxassislar.