Rossiyada ertangi prezident saylovlarida Vladimir Putin g’alaba qilishiga hech kimda shubha yo’q. So’nggi to’rt yil mobaynida Moskva-Vashington aloqalari ancha tiklandi, do’stona tus oldi.
Putin rahbarlikka qaytsa, bu rishtalar qay tomon o’zgaradi?
Barak Obama prezidentlikka kelganida tashqi siyosatda Rossiyaga to’rdan joy bergan edi. Natijada o’tgan yillar ichida qurol nazoratiga doir katta bitim imzolandi, ikki davlat Afg’oniston, Eron va Liviya masalalari bo’yicha hamkorlik qildi.
Ayni damda oradan yana gap qochgan ko’rinadi, chunki Rossiya o’z fuqarolarini o’ldirayotgan Suriya hukumatini tanqid qilishga yo’l bermayapti. AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning ta’kidlashicha, bu razillik.
4-mart - Rossiyada saylovlar. Vladimir Putin prezidentlikka qaytishi kutilmoqda. Dekabrda o’tgan parlament saylovlaridan beri mamlakatda namoyishlar tinmaydi. Moskva va boshqa shaharlarda “Putin ketsin” degan hayqiriqlar yangramoqda.
Jorjtaun Universiteti olimasi Anjela Stent ta’biricha, saylovda yutib chiqish uchun Putin sinovdan o’tgan eski taktikani qo’llayapti.
“Ya’ni, AQShni Rossiyaning dushmani qilib ko’rsatish. Jamiki muammolarda Amerikani ayblash”.Siyosatshunos Robert Legvold boshqa bir misol keltiradi.
“AQShning Moskvadagi elchisi Maykl Makfol muxolifat yetakchilari bilan uchrashganida, Rossiya davlat matbuoti, ehtimol Putinning ko’rsatmasi bilan, uni qattiq tanqid qildi. Oppozitsiyani AQSh moliyalayapti, degan bayonotlar qilishga bahona bo’ldi”.
Vashington bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi.
Xo’sh, Vladimir Putin prezident etib saylansa, AQSh-Rossiya munosabatlariga bu qanday ta’sir ko’rsatadi?
“Putinning Amerikaga qarshi o’gzaki hamlalari ko’proq ichki iste’mol uchun, o’z reytingini oshirish uchun kerak unga. AQSh nufuzi va qudratiga mana men to’siq bo’la olaman, Rossiya mening rahnamoligimda bunga erishadi, deya ishora qilayotgan siyosatchi bu Putin”, - deydi Glebov. Lekin bu Vashington va Kreml endi bir-biri bilan gaplashmay qo’yadi degani emas.
Professor Robert Legvold fikricha, Dmitriy Medvedev davrida ko’p jabhalarda boshlangan hamkorlik har holda davom etadi. Afg’oniston, qurol nazoratiga doir START bitimi hamda raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi yaratish rejasi shular jumlasidan. Vladimir Putin kelishi bilan hammasi taqataq to’xtamaydi, deydi subhatdosh.
“Amerika Ovozi” ga intervyu bergan ekspertlar bir narsada hamfikr: AQSh-Rossiya aloqalari bugun shu darajaga yetganki, sovuq urush davriga qaytish haqida gap bo’lishi mumkin emas.