AQShda prezidentlikka nomzod, o’zini sotsialist-demokrat deb ta’riflovchi Berni Sanders 8-aprel kuni poygani tark etdi. Sobiq vitse-prezident Jo Bayden Demokratik partiyadan yagona nomzod bo’lishi kutilmoqda.
2016-yilda ham prezidentlikka harakat qilgan senator Berni Sandersga partiyaning progressiv qatlami ergashgan bo’lsa-da, uning sotsialistik g’oyalar asosida tuzilgan programmasini keng jamoatchilik qo’llab-quvvatlashi savol ostida edi.
78 yoshli senator internet orqali tarafdorlaridan katta mablag’ to’play oldi. 2016-yilda bo’lgani kabi asosan yosh saylovchilar uni qo’llab-quvvatladi. Sanders Ayova, New-Gempshir va Nevada shtatlarida g’alaba qozongan.
Biroq yoppasiga 14 shtat ovoz beruvchi “Super Seshanba” saylovlarida Jo Bayden 10 tasida g’alaba qozonib, Sandersni ortda qoldirdi.
Bir necha kun ichida poygani tark etgan boshqa nomzodlar va Demokratik partiyaning mo’tadil qanoti Baydenni ma’qullab chiqishdi. Michigan, Missuri, Mississippi va Aydaxo shtatlaridagi mag’lubiyat ortidan Sanders Baydenga yeta olmasligi oydinlashdi.
Saylov kampaniyasi davomida Berni Sanders olg’a surgan g’oyalar, jumladan sog’liqni saqlash tizimini va kollejlarni bepul qilish, eng kam ish haqini 15 dollar deb belgilash va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashga sarmoya qilish takliflari o’zgartirilgan shaklda boshqa nomzodlar tomonidan ham qabul qilindi.
Senator 2020-yilgi saylov poygasini o’zini Donald Trampga qarshi eng munosib nomzod ekanini da’vo qilish bilan boshlagan, mamlakatga “siyosiy inqilob” kerak, deya jar solgan edi.
Sanders avvalgi bayonotlarida agar Bayden nomzod bo’lsa, uni qo’llab-quvvatlashini bildirgan. Jo Bayden raqibiga “millat manfaatini va Donald Trampni mag’lub etish zaruratini” ustun qo’yayotgani uchun minnatdorchilik bildirmoqda.
Facebook Forum