Suriyada hukumat nazoratidagi hududlarda tinch aholi va harbiylar orasida Prezident Bashar al-Assad rejimidan norozilar soni oshib bormoqda. Ularga ko’ra, hukumat isyonchilar qamali ostida qolgan shahar-qishloqlarni ozod qilish uchun yetarli chora ko’rmayapti.
Shu bilan birga, Suriyada Tehron qo’llab-quvvatlovi ostida Livan, Afg’oniston va Erondan kelgan yollanma askarlar soni ko’payayotgani haqida ham tashvishlar bor.
So’nggi kunlarda hukumatga qarashli Milliy mudofaa kuchlari va xorijlik shia jangarilari Tartus shahrida norozi yoshlar namoyishini kuch bilan bostirgan.
Sohil bo’yidagi qator shaharlarda bosh ko’targan mahalliy aholi nafaqat harbiy, balki siyosiy masalalarda ham Eronning Suriyaga ta’siri oshib borayotganidan shikoyat qilgan. Ayniqsa, Latakiya shahridan 25 kilometr janubda joylashgan Jabla shaharchasidagi namoyish zo’ravonliklarga aylanib ketgan.
Suriyaga Eron kuchlari kirib kelishidan norozilar ko'p
Suriyaning yaqin hamkori Eron Assad rejimini qurol-yarog’dan tortib harbiy tayyorgarlik va moliyaviy yordamgacha ta’minlab kelmoqda. Milliy mudofaa kuchlari ham Eron inqilobiy gvardiyasi tomonidan tayyorgarlikdan o’tkazilgan.
12-avgust kuni Tartus shahri fuqarolari “Islomiy davlat” jangarilari qurshovida qolgan havo bazasidagi askarlarga ko’proq yordam yuborishni so’rab hukumatga qarshi norozilik aksiyasi o’tkazgan edi.
Namoyishchilar, “O’lgan shahidlarimizning jasadlarini, yaradorlarni olishni xohlaymiz. Qahramonlarimiz ustidagi qamalni buzing!” deya yozilgan plakatlarni ko’tarib chiqishgan.
100 ming kishilik Tartus aholisining aksariyati Assad rejimiga sodiq shia alaviylari hisoblanadi.
Suriya armiyasi orasida ham norozilik kuchaymoqda
Londonda joylashgan Suriya Inson huquqlari kuzatuv markazining aytishicha, “Islomiy davlat” jangarilari qurshovida qolgan harbiy bazada vaziyat og’ir va Damashqdan yordam kelmayotgani bois askarlarning e'tirozi kuchaygan.
O’gan yili yozda Al-Tabqa havo bazasi Suriya armiyasi yordamga yetib kelmagani bois jangarilar qo’liga o’tgan va u yerdagi 250 askar qilichdan o’tkazilgan edi. Tartus yaqinidagi baza ham o’z holiga tashlab qo’yiladi, degan xavotir kuchli, deydi Londondagi kuzatuv markazi rahbari Rami Abdulrahmon.
Shahardan ketib halok bo’lgan askarlar soni ko’pligi bois Tartusga “shahidlar poytaxti” nomi berilgan.
Assadning ona shahri bo’lgan Latakiyada ham shikoyatlar ko'paymoqda. Shu yerlik taniqli harbiy, havo kuchlari polkovnigi Hasan al-Shayx yaqinda o’zaro kelishmovchilik ortidan Prezident Assadning jiyani Sulaymon Assad tomonidan otib tashlangach, mahalliy aholi g'azab otiga mindi.
Hodisaga guvoh bo’lgan marhumning akasi Suriya radiosiga bergan intervyuda aytishicha, Sulaymon Assad mashinasi bilan yo’lni to’sib qo’ygan va borib o’zini tanitishga uringan polkovnik Hasan al-Shayxni Kalashnikov avtomati bilan otib tashlagan.
Dastlab qilmishi uchun hech qanday javobgarlikka tortilmay, ozodlikda yurgan prezidentning jiyani, mahalliy aholi noroziligi kuchayib borishi oqibatida, hukumat tomonidan qamoqqa olingan va unga nisbatan qotillik aybi qo'yilgan.
Xavfsiz joyning o’zi yo'q
Suriyada fuqarolar urushi boshlangandan beri sohilbo’yi shaharlari ancha tinchligi bilan dong taratgan edi. Endi esa isyonchilar va “Islomiy davlat” jangarilari shu hududlarni ham nishonga olmoqda. Latakiya hukumatning to’liq nazorati ostidagi sanoqli yirik shaharlardan biri bo’lib, muxolif kuchlar endi bu yerga ham ko’z tikmoqda.
Rejimga sodiq hududlarda norozilik namoyishlari ilk bor kuzatilayotgani yo’q. O’tgan yili bu viloyatlarda “Islomiy davlat” tomonidan askarlarning o’g’irlanib o’ldirilishi holatlarining ko’payishiga qarshi turli norozilik harakatlari, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda onlayn kampaniyalar o’tkazilgan edi. Damashqda ham kichik namoyishlar bo'lib o'tgan.