Suriyada politsiya bilan to’qlashuvlarda halok bo’lgan namoyishchilar dafn etilar ekan, xavfsizlik kuchlari va snayperlar odamlarni o’qqa tutib, 12 kishini o’ldirgan.
Guvohlar 22 aprelni eng qonli kun deb ta’riflaydi. Prezident Bashar al-Assad iste’fosini talab qilgan olomonga hujum oqibatida taxminan 82 odam o’lgan. Ayrim manbalarda bundanda yuqori raqam keltiriladi.
Qatliom Damashq yaqinidagi Douma va Izra shaharlarida ro’y bergan. Namoyishchilarga biror ogohlantirish berilmadi, deydi guvohlar.
Suriyaning bir necha nuqtasida olomon hukmdorlarga la’nat aytib, prezident al-Assadni ketishga chaqirmoqda. Ikki qonunchi va hukumat tomonidan tayinlangan muftiy hukumat harakatlarini qoralab, iste’fo bergan.
Dunyo davlatlari, jumladan AQSh, Fransiya va Birlashgan Millatlar Tashkiloti namoyishchilarga qarshi kuch qo’llanilayotganini qoralab chiqdi.
BMT rahbari Pan Gi Mun tergov o’tkazishga chaqirgan.
“Hukumat o’z fuqarolariga qarshi qatliomni zudlik bilan to’xtatishi zarur”, - deydi prezident Barak Obama.
“Xalq dardiga quloq tutish o’rniga prezident al-Assad aybni chet davlatlarga to’nkab, o’zi Erondan madad olayapti”, - deydi AQSh rahbari.
Suriya hukumatining javobi shuki, Obama mamlakatdagi “obyektiv” voqelikdan bexabar holda bayonotlar qilmoqda. “Eron yordami xususidagi iddaolar esa mas’uliyatsizlik”, - deyiladi davlat axborot vositalarida.
Suriyani 2000-yildan beri boshqarayotgan prezident Bashar al-Assad yarim asrlik favqulodda qonunlarni bekor qilishga ko’rsatma berdi. Fuqarolar bundan buyon tinch namoyish qilishga haqli.
Ammo g’alayonlar avj olsa olayaptiki, tinmayapti.