Breaking News

Tojikistonda to'rt xorijiy sayyoh hujumda halok bo'ldi


Tojikiston janubida chet ellik velosipedchilarning mashinada urib ketilishi va so'ng pichoqlanishi terror hujumi ekani ehtimoldan xoli emas. Halok bo'lganlardan ikkisi amerikalik, biri Shveysariya va yana biri Niderlandiya fuqarosi.

29-iyul kuni Xatlon viloyatining Dang'ara nohiyasida kuppa-kunduz ro'y bergan bu voqeada yana uch sayyoh jarohatlangan, biri Fransiya fuqarosi.

"Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, bu hujum bo'lgan. Tergovda Tojikiston hukumati bilan hamkorlik qilayapmiz", - deydi Jeff Raydenaur, AQShning Dushanbedagi elchixonasi so'zlovchisi.

Hujumga aloqadorlik gumoni bilan bir necha kishi hibsda, yana bir shaxs xavfsizlik kuchlari bilan otishmada halok bo'lgan. Ichki ishlar va prokuratura xodimlaridan iborat guruh olib borayotgan tergovni Prezident Emomali Rahmon shaxsan nazorat qilayotgani xabar qilindi. AQSh rahbariga yo'llagan ta'ziyasida Rahmon voqeani "vahshiylik" deb qoralagan.

Tojikiston bo'ylab velosipedda aylanayotgan sayyohlarning uch nafari voqea joyida, yana biri kasalxonada vafot etgan. Yo'ldagi jasadlar bir-biridan ancha uzoqda edi, deydi guvohlar. Ichki ishlar vazirligi ma'lumotiga ko'ra, ular avvaliga mashinada urib ketilgan, so'ng haydovchi va uning sheriklari tomonidan pichoqlangan. Mashina Torbuloq qishlog'ida topilgan.

Norasmiy ma'lumotlarga ko'ra, tojikistonlik ikki mingdan ortiq yoshlar Suriya, Iroq va Afg’onstonda jangarilarga qo’shilib ketgan. Rasmiylar ularning 300 dan ortig’i halok bo’lganini aytishadi.

2018 - Tojikistonda turizm yili. Yilning birinchi yarmida mamlakatga 900 ming sayyoh tashrif buyurgan, bu o'tgan yilga qaraganda to'rt baravar ko'p. Xorijiy fuqarolarga qarshi teraktlar oldin kuzatilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG