Breaking News

Tojikiston armiyasida "dedovshina", qamoqxonalarida qiynoqlar


Xalqaro va mustaqil mahalliy kuzatuvchilar nazarida, Tojikistonda yoshlarni harbiy xizmatga chaqirishda, xizmat paytida va huquq-tartibot idoralarida fuqarolarni gumon bilan qiynash holatlari muttasil kuzatiladi.

Har yili ikki bor respublika qurolli kuchlari safiga 20 mingdan ortiq yoshlar safarbar etiladi. Ba’zi kuzatuvchilar deydiki, bu safarbarlik ayrim holatlarda zo’ravonlik bilan, kuch ishlatib o’tkaziladi.

Xizmat qilishni istamagan yoshlar turli yo’llar bilan muqaddas burchlaridan bo’yin tovlaydilar. Sabab - armiya safida zo’ravonlik va qiynoqlarning keng tarqalganligidir.

Harbiy xizmat yoshiga yetayotgan o’spirin yigitchaning aytishicha, maktabni tugatishi bilanoq u Rossiyada ishlayotgan qarindoshlari oldiga yo’l oladi.

"Maktabni tugatayotgan bolalar armiyaga borishni o’ylamaydi, negaki, hammasi armiyadagi bolalarni nuqul urib, mayib qilishayotganini internetdan ko’rib bo’lgan. Men ham xizmat qilishni istamayman, u yerda urishganidan ko’ra, ikki yil qiynalsam ham Rossiyaga borib ishlaganim yaxshi. U yerda tog’alarim, qarindosh-urug’larim bor", - deydi yigitcha.

Odamlarni elektr tokiga qo’yib azoblashganda izi qolmasin deb, oldin badaniga latta qo’yishni o’rganishibdi

Tojikistonning Xo'jand shahridan bo’lgan ekspert Abdujabbor Yo’ldoshev fikricha, harbiy xizmatda zo’ravonlik va qiynoqlarning bartaraf etilishi uchun reforma zarur, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar barcha yigitlar albatta armiyada o’z burchlarini o’tashi shart.

"Bo’lmasa, ijtimoiy tarmoqlarda videolari to’lib ketganidek, armiyada tabaqalanish bo’ladi. Ojizning ustidan zo’r zulmini o’tkazaveradi, noxush hodisalar takrorlanaveradi", - deydi u.

Ko’ngilli ravishda armiyaga ketib, xizmatining hali bir oyini o’tar-o’tmas safdoshlari tomonidan kaltaklab o’ldirilgan Firdavsning qo'shnisi marhum soldatning qismatiga achinadi.

"Yaxshi bo’la edi, o’zi bo’yin egmaydiganlardan edi, keyin urganlar. Ukasi ham harbiy xizmatda edi, bir oygina xizmat qildi-ya",- deydi afsus bilan, o’ldirilgan soldatning qo’shnisi.

Tojikistonda inson huquqlari himoyasi bilan mashg’ul taniqli advokat Fayziniso Voxidova aytadiki, unga zo’ravonlikka uchragan harbiy xizmatchilar yoki oila a’zolaridan birortasi murojaat etmagan.

"Negaki, mendagi ma’lumotlarga qaraganda, tegishli idoralar, harbiy prokuratura o’sha “dedovshina-yu", boshqa-boshqa zo’ravonliklar yuzasidan jinoiy ishlar ochib, ish olib bormoqda. Shunday ekan, jabrdiydalar davlat himoyasida bo’ladilar. Ba’zi aybdorlar ustidan hukm chiqarilib, ular tegishli jazosini ham olganlar", - deydi Voxidova.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi xalqaro tashkilotlardan birida ishlovchi mahalliy huquqshunosning aytishicha, qiynoq va zo’ravonlik Tojikiston mahkamalarida muttasil tarzda davom etib keladi va bunga talaygina misollar keltirish mumkin.

Men ham xizmat qilishni istamayman, u yerda urishganidan ko’ra, ikki yil qiynalsam ham Rossiyaga borib ishlaganim yaxshi.

Dushanbelik Orifjon ismli advokat hamkasbining fikrini inkor etgan holda, xalqaro tashkilotlarning o’zi sistemali tarzda respublikaga loy chaplamoqda, ular vatanimizda bo’lib, nonu-tuzimizni tatib, yana uyalmasdan tuhmat ham qiladilar, ularning barcha xulosalari bir tiyinga qimmat, deydi.

Keyingi oylarda turli xil diniy oqimlarga aloqadorlikda gumonlanib, qo’lga olingan va hozirda vaqtincha saqlash izolyatorlarida o’tirgan ba’zi shaxslarning oila a’zolari aytishadiki, sudgacha bo’lgan jarayonda gumondorlar qattiq qiynoqqa solinadi, buni aytishga til bormaydi.

"Bu haqda gapirganimdan foyda yo’q, qaytaga bolamni azoblaganlari qoladi", - deydi bir onaxon.

Gumondorlarni vaqtincha saqlash joylari va qamoqxonalarda qiynoqlar borasida so’zlar ekan, advokat Voxidova keyingi vaqtlarda qiynoqlarning yangi usullaridan foydalanishmoqda, deydi.

Uning aytishicha, So'g'd viloyatida ma’lum joylardagina gumondorlar azobga tortiladi, sudlanuvchilar so’roq uchun aynan o’sha yerdagi izolyatorlarga olib boriladi.

"Keyingi bir yil orasida qiynoqlarga solinganlar huquqlarini himoya qilarkanman, ular aytishadiki, azob berish ko’proq xalq orasida “shestoy otdel” deb nom chiqargan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo’limi va Isfara shahri hamda Bobojon G’afurov nohiyasidagi jinoyat qidiruv bo’limlarida sodir etiladi. Ehtimol, u yerlarda maxsus tayyorlangan odamlar bordir, bilmadim".

"Odamlarni elektr tokiga qo’yib azoblashganda izi qolmasin deb, oldin badaniga latta qo’yishni o’rganishibdi. Insonlarni bu qabi qiynoqqa solish Tojikiston obro’siga putur yetkazadi, ekstremizmga qarshi global kurash ketayotgan bir vaqtda yangi norozilik o’chog’ini paydo qiladi. Mana shunisi yomon va bu xatarli oqibatlarga olib keladi", - deydi huquqshunos.

Ba’zi mahalliy kuzatuvchilarga ko’ra, Tojikiston harbiy qismlari va huquq-tartibot mahkamalarida zo’ravonlik va qiynoqlarning davomli ko’rinishi yaqin orada o’rtadan ko’tariladiganga o’xshamaydi.

XS
SM
MD
LG