Breaking News

Obidxon qori ishi: Siyosiy jinoyatlar jazosiz qolmasligiga umid bor


Toshkentda imomlik qilib, tanqidiy qarashlari uchun mamlakatdan ketgan Obidxon qori 2012-yilning fevralida Shevtsiyadagi uyi yonida otib ketilgan. Hanuz ahvoli og'ir.
Toshkentda imomlik qilib, tanqidiy qarashlari uchun mamlakatdan ketgan Obidxon qori 2012-yilning fevralida Shevtsiyadagi uyi yonida otib ketilgan. Hanuz ahvoli og'ir.

Shvetsiyada Obidxon qori Nazarovga suiqasdda ayblanayotgan Yuriy Jukovskiy ustidan mahkama ishi yakunlangan. Hukm 15-dekabrga qadar e'lon qilinishi kutilmoqda. Prokuror Jukovskiyni bir umrga qamashni so'ragan. Faollarning aytishicha, sud jarayoni siyosiy jinoyatlar jazosiz qolmasligiga umid uyg'otgan. Imom 2012-yilning fevralida Shevtsiyadagi uyi yonida otib ketilgan, hanuz ahvoli og'ir.

Obidxon qori ishi: Siyosiy jinoyatlar jazosiz qolmasligiga umid bor - Malik Mansur lavhasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:49 0:00

Prokuror Krister Peterson imomga suiqasd bevosita O'zbekiston tomoni buyurtmasiga ko'ra amalga oshrilganini ta'kidlamoqda. 37 yoshli Jukovskiy qotillikda aybdor va bir umrga ozodlikdan mahrum qilinishi kerak, deydi u. Jukovskiy - O'zbekiston fuqarosi. U sal oldin Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya qilingan.

Ayblanuvchi sudda barcha da'volarni inkor etgan. Uning advokati nazarida ham imomga hujumni O'zbekiston hukumati bilan bog'lash asossiz.

Besh kun davom etgan sud bo'yicha hukm 15-dekabrga qadar e'lon qilinishi kutilmoqda. Shvetsiya shimolidagi Ostershund shahridagi mahkamani shved jamoatchiligi ham, xorijdagi o'zbek jamoatchiligi ham diqqat bilan kuzatgan.

Shvetsiyada hali xorij buyurtmasiga ko'ra siyosiy qotillik uchramagani qayd etiladi. O'zbek faollari esa hukumat buyurtmasi yuzasidan bunday sud ishi birinchi bor o'tayotganiga diqqat qaratishadi.

“Bu sud mohiyati shundaki, unda asosiy tahdid rejim tomonidan kelayotgani anglandi. Shved hukumati hozirgacha kutmagan, bilmagan joydan jiddiy tahdid yuzaga chiqayapti. Bu O'zbekiston rejimi, Nazarovning advokati ham, prokuror shuni aytmoqda, bunga ishonmoqda. Hozirgacha shved hukumati bu narsaga ishonqiramay kelayotgan edi. O'tgan mahkama jarayonlarida ham bu kuzatilgan edi”, - deydi Shvetsiyada siyosiy qochqinlikda yashayotgan o'zbek jurnalisti Qudrat Bobojon.

“Muqobil O'zbekiston” tashkiloti faollaridan biri, mahkamani sud zalida kuzatib kelayotgan jurnalist Ulug'bek Bakirov:

“O'zbekiston xavfsizlik xizmati, hukumati haqida juda ko'p gaplar bo'ladi, ayblov va advokatlar tomonidan. Menimcha, bunday sud O'zbekiston tarixida birinchi bor bo'layapti. Bu aynan O'zbekiston hukumatining yuzini ochishga qaratilgan prosess desak xato bo'lmaydi. Umuniy muhit shundayki, sud rasmiylari, advokat, prokuror, jarayonni kuzatayotgan o'zbek jamoatchiligida ham, hamma bu O'zbekiston buyurtmasi ekani isbotlanishini va hukumat tomonidan qandaydir reaksiya bildrilishini kutayapmiz. Lekin, albatta, oldindan bir narsa deyish qiyin”.

Shved qonunchiligiga ko'ra, hukm mahkama tugashidan so'ng ma'lum bir vaqt o'tib e'lon qilinadi. Obidxon qoriga suiqasdda ayblanayotgan Yuriy Jukovskiyni ungacha qamoqda qoldirish yuzasidan qaror chiqarilgan.

Sud davomida so'nggi paytda o'zbek muxolifati faollariga uyushtirilgan boshqa suiqasdlarga, jumladan, Turkiyada imom Abdulla Buxoriyning otib ketilishi bilan bog'liq voqealarga ham to'xtab o'tilgan.

Bobojonning aytishicha, jarayon siyosiy suiqasdlarga ixtisoslashgan, ildizi O'zbekistonga taqaluvchi jinoiy bir guruh mavjudligi haqida tasavvur beradi.

"Bu yerda bir guruh haqida gap ketayapti. Bu guruh O'zbekistondan yuborilgan, ular ishlayapti, ularda yo'q qilinishi kerak bo'lgan odamlarning ro'yxati bor. Mahkamada nomi tilga olingan, Jukovskiy bilan aloqada bo'lib turgan Qoplon ismli odam aynan Turkiyada kuzatilgan qotillikda qatnashgan, degan qarashlar ham aytilayapti”, - deydi u.

Obidxon qori 2012-yilning fevral oyida Shvetsiyaning Stromsund shahrida otib ketilgan edi. Boshidan o'q yegan Nazarov uzoq vaqt koma holatida qoldi. Hozirgacha ham uning salomatligi og'ir, so'zlay olmaydi.

​O'zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchilaridan biri sifatida tanilgan qori diniy tazyiqlar bois mamlakatdan chiqib ketgan. 2006-yildan Shvetsiyada siyosiy qochqin maqomida yashayotgan edi.

Rasmiy Toshkent Obidxonni ekstremistik g'oyalar targ'ibotida, Toshkentda kuzatilgan qotillik va suiqasdlarga aloqadorlikda ayblab keladi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG