Obidxon qori Nazarovga o’q uzganlikda ayblanayotgan Yuriy Jukovskiyga Shvetsiya prokurori umrbod qamoq jazosi so’rashi mumkin. Taniqli imomga suiqasd yuzasidan Ostershund shahrida sud jarayoni davom etmoqda. Mahkama ishida Jukovskiy ayblanuvchi, O'zbekiston esa buyutmachi sifatida ko’rilmoqda.
Jukovskiy aybga iqror bo’lmagan. Uch yildirki mazkur jinoiy ishni taftish qilib kelayotgan prokuror Kristen Petersson sudga shuni aytadiki, Nazarovga qurolli hujum O’zbekiston hukumati buyurtmasiga ko’ra amalga oshirilganini ko’rsatuvchi dalillar mavjud.
Bu dalillar qatoridan O’zbekiston televideniyesida muhojir imomni Toshkentdagi qotilliklarda ayblab namoyish etilgan hujjatli filmlar ham bor.
Mahkama asosiy gumondor Jukovskiy shu yilning avgust oyida Rossiyadan Shvetsiyaga ekstradisiya qilinishi ortidan tiklandi.
Obidxon qori Nazarov 2012-yilning fevralida o’z uyi oldida otib ketilgan. Jukovskiy hujum ketidan Shvetsiyani darhol tark etgan, deydi tergovchilar. Gumondor sifatida u xalqaro qidiruvga berilgan. Keyinchalik u Moskvada hibs qilingan va avgust oyida kutilmaganda Shevtsiyaga topshirilgan.
Sud jarayonini Obidxon qori Nazarov tarafdorlari, o’zbek muxolifatidan vakillar kuzatib bormoqda.
“Muqobil O`zbekiston” tashkiloti faoli Ulug’bek Bakirov “Amerika Ovozi” bilan telefon suhbatda deydiki, sudda O’zbekiston hukumati va uning repressive siyosati - asosiy mavzu.
Prokuror ochiq aytayapti – Nazarovga hujum O’zbekiston hukumati tomonidan buyurilgan, deydi Bakirov.
“Chunki buning uchun asoslari juda ko`p. Kecha, masalan, moliyaviy tomonini ko’rib chiqishdi. Bu yerda ishlatgan pullari, Yevropa bo’ylab sarf xarajatlari, xullas, hamma tomondan buni buyurtma ekanligini aniq deyishayapti. Bugun prokuror talabiga ko’ra O’zbekiston televideniyesida Obidxon qori Nazarov haqida ishlangan filmlardan parcha namoyish qilindi. Bu o’sha “Xunrezlik” va “Kalavaning uchi” filmlari. Unda albatta Nazarov aybdor qilib ko’rsatilgan. Ammo prokuror bu bilan Nazarovga nisbatan jinoyat avvaldan hozirlangan va rejalab kelingan demoqchi”, - deya hikoya qiladi kuzatuvchi.
Sudda Yuriy Jukovskiyning advokati ham gapirgan.
“U O’zbekiston aholisining 80 foizdan ortig’i musulmonlar ekanligini aytib, mamlakatda turli ashaddiy diniy guruhlar mavjudligini, jumladan xalifalik qurushni maqsad qilgan “Hizbut tahrir” kabi guruhlar borligi, xullas kalom himoya maqsadida O’zbekiston hukumati pozitsiyasiga o’xshash turli narsalarni gapirdi”, - deydi Bakirov.
Mahkama juma kuniga qadar davom etishi kutilmoqda. Sudda Dovudxon Nazarov, imomning o’g’li, otasining o’rniga guvohlik beradi.
Nazarov, hujumdan deyarli to’rt yil o’tib ham og’ir ahvolda.
Toshkentda dong’I ketgan imom 1990-yillar oxirida bosimga uchrab, mamlakatdan qochib chiqqan, 2006-yilda esa Shvetsiyadan boshpana olib, o’z tarafdor jamoasi bilan yashab keladi.
O’zbekiston hukumati nazarida Obidxon Nazarov vahobiy, ekstemist va Toshkentda imom Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasd va bir nechta qotilliklarda qo’li bor. Shvetsiyadagi mahkama va u yerda yangrayotgan ayblovlar yuzasidan Toshkent biror bayonot bermagan.