Breaking News

AQSh-Rossiya: Tramp qurol nazoratiga doir kelishuvdan chiqmoqchi


Prezident Donald Tramp AQSh o’rta masofali yadroviy qurollarni cheklash to’g’risidagi Rossiya bilan 31 yil avval imzolangan xalqaro bitimdan chiqishini ma’lum qildi. Trampning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jon Bolton Moksvada shu mavzuda muzokaralar olib bormoqda.

Kremlga ko'ra, qurollanishni nazorat qilish uchun sovuq urush davrida imzolangan bu kelishuvni tark etish “dunyoni yanada tahlikali makonga aylantiradi”.

Tashqi ishlar vaziri o’rinbosari Sergey Ryabkov bitimdan bir tomonlama chiqish jiddiy xavf tug’dirishi va nizolarga yetaklashi mumkinligini aytgan.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiya bitim shartlarini buzgani haqidagi da'volarni inkor etmoqda. Agar AQSh yangi raketalar yaratishga qaror qilsa, Rossiya ham qurollanishni yangi bosqichga olib chiqishga majbur bo’ladi.

AQSh Senatining Tashqi aloqalar bo’yicha qo’mitasi raisi Bob Korkerga ko’ra, bu Prezident Trampning Rossiyaning bitim shartlariga to’liq amal qilishini ta’minlash uchun qo’llayotgan hiylasi bo’lishi mumkin.

Yana bir senator Rend Pol AQShning kelishuvni tark etishiga qarshi. Unga ko’ra, yadroviy qurollanish poygasining yangi davri boshlanib ketadi.

O’rta masofali yadroviy qurollar to’g’risidagi bitim yerdan uchiriladigan, 500 km dan 5500 km gacha yetib boradigan raketalarni taqiqlovchi hujjat hisoblanadi. Oq uyning ma’lum qilishicha, undan chiqish bo’yicha hal qiluvchi qaror berilmagan.

Hujjat Sovet Ittifoqining so’nggi rahbari Mixail Gorbachev va AQSh Prezidenti Ronald Reygan tarafidan 1987-yili Oq uyda imzolangan edi.

“Nahotki Vashingtonda bunday qarorning oqibatlarini tushunishmaydi? Vashingtonning siyosatni ortga qaytarish istagini yoqlab bo’lmaydi. Bu haqda nafaqat Rossiya, balki tinchlikni qadrlaydigan, ayniqsa, yadroviy qurollardan xoli dunyo tarafdori bo’lgan barcha mamlakatlar bayonot berishi kerak”, - deydi Gorbachev.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG