Breaking News

Tramp: Eron bilan yadroviy bitimdan chiqamiz, sanksiyalar tiklanadi


Oq uy
Oq uy

Qo'shma Shtatlar uch yil oldin Eron bilan imzolangan yadroviy bitimni tark etib, unga qarshi sanksiyalarni tiklamoqda. Prezident Donald Tramp deydiki, Tehron bu bitimga rioya qilmay, uranni boyitishda davom etgan.

Olti davlat (AQSh, Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya) va Eron orasida 2015-yilda erishilgan kelishuvga binoan islomiy respublikaning uranni boyitish va plutoniy ustida ishlash salohiyati cheklanib, yadroviy inshootlari kamaytirilib, butun tizim xalqaro tekshiruvdan o'tishi kerak. Bu murosa evaziga Eronga iqtisodiy-tijoriy imkoniyatlar berilgan, jumladan unga qarshi sanksiyalarning katta qismi olib tashlangan. Tehronshartlarga rioya qilmasa, unga qarshi cheklovlar darhol qayta kuchga kirishi kerak. Biroq shu kungacha shartlar buzilgani haqida biror axborot yo'q.

Eronga boshidan ishonmaslik kerak edi, deydi Tramp o'zidan oldingi prezident Barak Obama davrida erishilgan xalqaro kelishuvni qoralar ekan.

"Bu bitim Eronni yadroviy qurollanish harakatidan to'xtatmadi. Tehron yangi vositalarini sinashda davom etmoqda", - deydi Tramp.

Eron hukumati buni qa'tiyan rad etadi. Bitimga to'liq bosh egilganini xalqaro tekshiruv isbotlab kelmoqda, deydi Tehron rasmiylari. Ular Oq uyni samarali hamkorlikni buzayotganlikda ayblamoqda.

Yevropa Ittifoqi Tramp qaroriga qarshi va Oq uyni bitimdan chiqmaslikka undab kelayotgan edi.

Isroil esa Tramp tarafda. Yahudiy davlat nazarida Eron yolg'onchi va xalqaro hamjamiyatni azaldan o'z yadroviy maqsadlari haqida aldab keladi. Biroq, xalqaro inspektorlarga ko'ra, Isroilning iddaolarini isbotlovchi dalil mavjud emas.

Fransiya rahbari Emanuel Makron ikki hafta oldin Oq uyga kelganida Eron bilan bitim hozir eng effektiv chora, u orqali yadroviy qurollanishning oldi olinmoqda, deya qayd etgan edi.

BMT Atom energiyas bo'yicha xalqaro agentligi, Yevropa Ittifoqi, xalqaro hamjamiyat, mutaxassislar va kuzatuvchilar nazarida Tehron bilan bitimni buzish uchun hech qanday yo'q.

Makron so'zi bilan aytganda, bitimdan chiqilsa, boshqa reja yo'q. Muqobil yo'l nima? - deya so'raydi u.

Britaniya ham shu pozitsiyada va Trampni xalqaro hamjamiyat bilan ishlashga chaqirmoqda.

AQSh Kongressida o'tgan tinglovlarda AQSh rasmiylari, jumladam diplomatlar va razvedka rahbarlari Eron bitimni buzgani haqida biror isbot-dalil yo'q, deya tan olgan.

Biroq Tramp saylov kampaniyasida bergan va'dasining ustidan chiqish uchun o'zboshimcha va asossiz qaror qilmoqda, deydi Obama prezidentligi davrida bu bitim ustida ishlagan Toni Blinken, sobiq davlat kotibi muovini. Bu kelishuv uzoq va qattiq mehnat mahsuli, deydi u.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson
AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo va Britaniya Tashqi ishlar vaziri Boris Jonson

Tramp sobiq davlat kotibi Jon Kerrini chet davlatar bilan zimdan ishlab, ularni Oq uyga qarshi qayrayotganlikda ayblamoqda.

"Eron va uning hamkorlari terrorizm hamkorlari Amerikaga qarshi harakatlar bilan band va dunyoda unchalik xavfli tuzum yo'q", - dedi Tramp bitimdan chiqishini e'lon qilar ekan.

"Bitim Amerikani xavfdan asrashi kerak edi. Lekin aslida bu kelishuv Eronga uranni boyitishda davom etishi uchun yordam berdi. Eron qora yo'ldan qaytmadi. Suriya, Yaman va dunyoning boshqa joylarida Eron yovuz harakatlarini avj oldirdi. U bilan bu bitimdan chiqmaslik biz uchun sharmandalik bo'ladi", - deydi Tramp.

"Eron bilan bitim puch, faqat yolg'onga asoslangan. O'tgan hafta Isroil razvedkasi chiqargan hisobotga ko'ra, Tehron yashirin tarzda qurollanishda davom etgan. Harbiy sarfiyatni oshirib, biz va ittifoqchilarimizga qarshi qadamlar tashlash va yangi harakatlar rejalash bilan band", - deydi AQSh prezidenti.

"Bu qonxo'rlikni quvvatlovchi bitim. AQSh barcha ittifoqchilari bilan maslahatlashdi. Hech birimiz Eron yadroviy qurolga ega bo'lishini istamaymiz. Bu bizning mushtarak maqsadimiz. Lekin Eron - dunyodagi eng yirik terrorist tuzum va terrorizm homiysi. Unga qarshi sanksiyalarni tiklaymiz. Unga qarshi eng kuchli iqtisodiy cheklovlarni qo'yamiz. Amerika yadroviy tahdidga bosh egmaydi. Bu yovuz tuzum bizni qo'rqita olmaydi. Biz quruq va'da beradigan davlat emasmiz. So'zimizning ustida turamiz", - deydi Tramp.

Trampga ko'ra, Vashington Shimoliy Koreyani atom maqsadlaridan qaytaradi va bu borada jiddiy harakat kermoqda.

Eron bilan bitimga Britaniya, Xitoy, Fransiya, Germaniya va Rossiya imzo chekkan. Tramp deydiki, AQSh ular bilan hamkorlikda yangi choralar ustida bosh qotiradi.

Bitimdan chiqish Eron xalqiga qarshi siyosat emas, deydi Tramp.

"Azobda yashayotgan bu xalqni hamisha quvvatlaymiz, unga hamdardmiz. Biz Eronning yovuz hukumatiga qarshimiz. Biz chetga surayotgan bitim Eron xalq manfaatlari uchun xizmat qilmaydi".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG