Breaking News

Tunisda ko’zga ko’ringan muxolifatchi o’ldirib ketilgan


Shokri Belaid, dunyoviy tuzum taradori, hukmron islomiy "Innah"da partiyasining tanqidchilaridan edi
Shokri Belaid, dunyoviy tuzum taradori, hukmron islomiy "Innah"da partiyasining tanqidchilaridan edi
Tunisda ko’zga ko’ringan muxolifatchi Shokri Belaid otib o’ldirilgani haqidagi xabar ketidan minglab odamlar isyon ko’targan. Radikal kuchlar demokratik jarayonlarni izdan chiqarmoqchi, degan qo’rquv bor.

Tunisda ko’zga ko’ringan muxolifatchi o’ldirib ketilgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00
Yuklab oling

Tunis poytaxti Tunis markazida tumonat odam. So’lchi siyosatchi Shokri Belaid o’limi jamoatchilik orasida g’azab hissini uyg’otgan. Namoyishchilar ikki yil oldin prezident Zaynobiddin bin Alini taxtdan ag’dargan qo’zg’olondan keyin saylangan rahbarlar ketsin, demoqda. Inqilob va siyosiy o’zgarishni nisbatan tinch o’tkazgan davlat diniy adovat girdobiga tortilishi mumkin, degan vahima bor.

Muxolifat yetakchisi, dunyoviy tuzum tarafdori Shokri Belaid poytaxt Tunisda uyi yonida otib ketilgan. Prezident Monsef Marzuki bu voqea bois Misrga safarini qoldirgan.

Fransiyada Yevropa parlamenti oldida so’zlagan Marzuki nazarida Tunisdagi xalq inqilobi va uning muvaffaqiyatini ko’rolmaydigan kuchlar bor. Prezident Belaidni “qadrdon do’stim” deya ta’riflab, unga uyushtirilgan suiqasdni tandiq qildi.

Inqilobning dushmanlari sodir etgan bu qabih ish mamlakatni cho’chita olmaydi, deydi Tunis rahbari. Marzukiy o’tgan oy islomiy kuchlar va dunyoviy tuzumga xayrixohlar ixtilofi mamlakatni fuqarolik urushiga yetaklashi hech gapmas, deya ogohlantirgan edi.

Siyosiy partiyalar, jumladan, hukmron islomiy “Innahda” partiyasi muxolifatchiga hujumni qoralab chiqqan. Hokimiyatdagi partiya raisi Rashid G’annuchi fikricha, qotillar Tunisni “qonga botirmoqchi”.

Tanqidchilar va, hatto, marhumning oilasi voqeada ochiqchasiga “Innahda” partiyasini ayblayapti. Belaid hayot paytida hukmron partiyani o’zining ektremist a’zolarini tiya olmaganlikda va oppozitsiyani bosimga olishda ayblagan.

Mavjud fikr shuki, radikal kuchlar Tunisni beqarorlik domiga itarmoqchi; rahbariyat esa beparvo, sust, deb hisoblaydi Belaidning yaqin safdoshi Muxtor Jaloliy. Oppozitsiya qasos olishini aytib, po’pisa qilgan.

“Arab bahori”ning beshigi sanalgan Tunis qo’shni Liviya va Suriyadan farqli ravishda qon to’kishlarni chetlab o’tishga muvaffaq bo’lgan edi.

Lekin Shimoliy Afrikadagi bu davlat bugun siyosiy tortishuvlar, zo’ravonlik va ishsizlik kabi muammolar bilan yuzlashmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG