Breaking News

Turkiyada yuzlab deputatlar daxlsizlik huquqidan ayriladi


Turkiyada tergov ostiga tushgan deputatlar bundan buyon daxlsizlik huquqidan ayriladi. Konstitutsiyaga kiritilgan bu o'zgartirish natijasida kurdlarning Xalq demokratik partiyasi a'zolari sudga tortilishi mumkin.

Bosh qomusni o'zgartirish taklifini qonunchilarning uchdan ikki qismi ma'qulladi. 138 deputat jinoiy javobgarlik bilan yuzlashmoqda. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog'an taklif ovozdan o'tganini tarixiy voqea deya olqishladi.

Siyosiy sharhlovchi Kadri Gursel fikricha, prezident o'z vakolatlarini oshirishga qaratilgan referendum oldidan millatchi guruhlar ko'nglini ovlamoqda.

"Erdog'anga ularning quvvatlovi kerak. "Mana, parlamentdan bu qurolsiz terrorchilarni chiqarib haydadik" deb referendum paytida aytadi hali", - deydi Gursel.

Xalq demokratik partiyasiga a'zo 59 deputatdan 50 nafariga terrorchilik bilan bog'liq ayblovlar qo'yilgan. Islohot tarafdorlari deydiki, qonunchilik organida kurd isyonchilarini quvvatlovchilar borligi sabab ham xalqning parlamentga ishonchi tushib ketgan.

Sharhlovchilarga ko'ra esa, tergov bilan yuzlashayotgan qonunchilar biror zo'ravonlikka aloqador emas, balki kurdlar haq-huquqini himoya qilib omma oldida nutqlar qilgan.

"Konstitutsion o'zgarishlar kuchga kirishi bilanoq deputatlarni hibsga olishadi", - deydi siyosiy konsultant Atilla Yeshilada. "Xalq demokratik partiyasi parlamentni butunlay tark etishi mumkin. Shunda kurd aholining turklar bilan tenglikka erishish orzusi so'nadi. Namoyishlar avj olishi turgan gap", deydi suhbatdosh.

Turkiyada kurdlarga xayrixoh deputatlar oldin ham ta'qib etilgan. 1994-yilda to'rt nafari aksil-terror qonunlar asosida 10 yilga qamalgan edi. Kurdiston ishchilar partiyasi ham hujumlarga zo'r bergan o'shanda.

Kadri Gurselga ko'ra, tarix yana takrorlanayotgan ko'rinadi. Turk demokratiyasida kurdlarga o'rin yo'q, deb aytishyapti hisob. Bu albatta qurolli kurashga yetaklaydi, deydi u.

Yangi qonun loyihasiga qarshilar ayni paytda Konstitutsion sudga arz qilish uchun ovoz to'plamoqda. Agar o'zgarishlar sud tomonidan bekor qilinmasa, o'nlab deputatlar o'rnini boy beradi. Bu esa parlamentni prezident tarafdorlari bilan to'ldirish uchun yana bir imkoniyat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG