Turkiya parlamenti 7-iyun saylovlaridan keyin ishini qayta boshladi. Yangi deputatlar qasamyod keltirdi. Hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi saylovlarda g’olib bo’ldi, biroq parlamentdagi ancha o’rinlarni boy berdi. Shu kunlarda koalitsion hukumat tuzish harakatlari avjida. Suriyada fuqarolar urushi davom etar, Turkiyaning o’zida iqtisodiy vaziyat taranglashar ekan, ikki yirik partiya birlashishi kerak, degan ovozlar balandroq yangramoqda.
Prezident Rajab Toyib Erdog’an “Adolat va taraqqiyot” partiyasi raisi Ahmat Dovuto’g’lidan koalitsion hukumat tuzishni so’rashi kutilmoqda. Partiya parlamentdagi ko’pchilikni qo’lga kirita olmagani bois eng yirik fraksiya sifatida koalitsiya tuzishga bosh bo’ladi. Ayrim kuzatuvchilar Millatchilar harakati partiyasi bilan kelishuvga erishilganini taxmin qilmoqda.
Istanbuldagi Marmara universiteti siyosiy tahlilchisi Yuksel Taskin fikricha, koalitsiyani tuzish qiyin bo’lmaydi, chunki ikki partiyaning saylovchilari va platformalari o’xshash.
“AKP va MHPning Millatchi harakat partiyasi koalitsiyasiga birlashishi ehtimoli juda katta. Bu yoki koalitsiya bo’ladi yoki MHP tayanchiga ega va AKP yetakchiligidagi hukumat bo’ladi”, - deydi mutaxassis.
Biroq MHP kurd isyonchilari bilan tinchlik muzokaralarini davom ettirishga tish-tirnog’i bilan qarshi. Tahlilchilar fikricha, so’zlashuvlar to’xtasa, mamlakat urush va ijtimoiy nizolar botqog’iga botishi mumkin, bu esa zaif iqtisodni yanada zaiflashtiradi. Shuni inobatga olgan holda ko’plar AKP Respublikachi xalq partiyasi bilan birlashishi kerak, demoqda.
Turkiyaning “Milliyet” gazetasi va “Al-Monitor” vebsayti siyosiy sharhlovchisi Qadri Gursel yirik koalitsiya tuzishga da’vatlar ortida jiddiy sabablar bor, deydi.
“Respublikachilar va AKP koalitsiyasi ko’proq fuqarolar manfaatlarini aks ettiradi. Agar ular birlashsa, mamlakat ichidagi ziddiyatlar kamayadi. Bundan tashqari, koalitsiya Erdog’an hokimiyatini cheklaydi. Prezident AKPga o’z so’zini o’tkaza olmay qoladi. Respublikachilar bilan ittifoq AKP uchun islohotlar o’tkazish, yangilanish imkonini beradi”, - deydi Gursel.
Ammo bunday koalitsiyani tuzish oson bo’lmaydi. Ikki partiya mafkuraviy raqiblar - AKP islom diniga tayanish kerak, desa, respublikachilar Turkiya dunyoviy davlat va shundayligicha qolsin, deb keladi. Xalq partiyasi zamonaviy Turkiyaga asos solgan Mustafo Kamol Otaturk partiyasi.
AKP a’zolarining korrupsiyada ayblangani ham ikki partiyaning birlashishiga to’g’anoq bo’lishi mumkin. 2013-yil dekabr oyida “Adolat va taraqqiyot” partiyasiga a’zo hukumat rasmiylari, xususan vazirlar va ularning oila a’zolari, shu jumladan, o’sha paytda bosh vazir bo’lgan Erdog’an ham korrupsiyada ayblangan edi. Tergov ishi keyinchalik to’xtatildi. AKP buni davlatni to’ntarishga urinish deb baholagan.
Istanbuldagi Sulaymon Shoh universitetidan siyosatshunos Chingiz Aktar fikricha, tarkibiga bu partiyaning a’zosi kirgan har bir hukumat kelajakda korrupsiya ayblovlariga yuz tutadi.
“Turkiyada hukumatni tuzish masalasida tartibsiz davr boshlanmoqda. Agar yangi hukumat eskisining qing’ir ishlarini to’g’irlashni istamasa, Turkiya kuchli hukumat tuzishda katta qiyinchiliklarga duch kelishi aniq. Ayniqsa 2013-yil dekabr tergovini nazarda tutyapman”, - deydi Aktar.
O’tgan hafta korrupsiyaga oid iddaolar qayta yangray boshladi. Turkiyada biznes yurituvchi eronlik tadbirkor Rizo Zarrab “Yil eksportchisi” mukofoti bilan taqdirlandi. 2013-yilgi tergov ishida AKPning korrupsion sxemalarida Zarrabning asosiy rol o’ynagani gumon qilingan edi. Mukofotni unga bosh vazir muovini No’mon Kurtulmush topshirdi. Muxolif partiyalar mukofotni ham, taqdirlash marosimida AKP rasmiylari hamda Prezident Erdog’anning qatnashganini ham qoraladi.
Sharhlovchi Gursel bu respublikachilar uchun AKP bilan koalitsiya tuzish naqadar qiyin bo’lishiga ishora, deydi.
“Xalq partiyasi AKP bilan birlashgisi yo’q, chunki AKP zaharlangan siyosiy tuzilmaga o’xshaydi”, - deydi tahlilchi.
Respublikachilar xalq partiyasi raisi Kamol Qilichdoro’g’li AKPsiz koalitsiya yoki ozchilikdagi hukumat tuzishga urinmoqda. Ammo millatchilar uning bu rejasini qo’llab-quvvatlashdan bosh tortdi.
AKP rahbari Dovuto’g’li ham respublikachilar bilan birlashishni istamayotgan ko’rinadi. Ammo vaqt o’tgan sari ikki yirik partiya murosaga erishadi, deydi tahlilchilar.