O'zbek tili O'zbekistonda davlat tili deb tan olinganiga chorak asr bo'ldi. Lekin bu til nafaqat O'zbekiston balki qo'shni davlatlarda ham muomalada. O'tgan dasturlarimizda Qirg'iziston, Qozog'iston va Tojikistondagi vaziyat, jamoatchilik fikri bilan tanishgan edik. Bugun diqqatni Turkmanistonga qaratmoqchimiz.
Turkmanistonda o'zbeklar mamlakatdagi ikkinchi yirik etnik xalq, ammo o'z ona tilida o'qish imkoniyatidan mahrum. Mamlakatda o'zbek madaniy markazlari va jamoat tashkilotlari faoliyat yuritmaydi.
Yaqinda Ashgabatga safar qilgan O’zbekiston rahbari Islom Karimov Turkmaniston prezidenti Qurbonguli Berdimuhammedovga Mustaqillik ordeni topshirdi. Berdimuhammedov esa Karimovni Maxtumquli mukofoti bilan taqdirladi.
Prezidentlar hamkorlikni rivojlantirish yo’lidagi xizmatlari uchun bir-birini bu mukofotlarga loyiq topgan.
Saparmurod Niyozov davrida keskinlashgan munosabatlar Berdimuhammedov rahbarligi paytida ancha jadallashdi. Biroq muzokaralarda Turkmaniston aholisining 10 foizdan oshig’ini tashkil etuvchi o’zbeklar hayotiga oid vaziyat muhokama qilinmaydi.
Karimovning yaqindagi safarida ham asosiy e’tibor iqtisodiy hamkorlikda bo’ldi.
Turkmaniston o’zbeklari ham Toshkent bilan qalinlashib borayotgan aloqalarda milliy-ma’rifiy huquqlar masalasi ko’tarilishiga umid qilmay qo’ygan. Mamlakatda istiqbol izlayotganlar o’z millatini turkmanga o’zgartirishga majbur.
Turkmanistonning eng yopiq davlatlardan biri ekanligi ham o’zbeklar hayotiga oid vaziyatni yanada mavhumlashtiradi.
Ayni paytda siyosiy muhojirlikda yashayotgan yozuvchi Safar Bekjon Turkmanistondagi hayot, turkman faollari, jumladan 2000-yillar boshida Saparmurod Niyozovga uyushtrilgan suiqasd ishi bilan yaxshi tanish.
“Pasportiga o’zbek deb yozilgan odamlarni ishga olish qiyin. Tijorat qilishga to’siq qo'yilgan. Umuman turkman jamiyatida ularga shubha uyg’otuvchi odamlar sifatida qaralishidan so’ng odamlar jamiyatda o’z o’rnini topish uchun albatta pasportiga turkman deb yozdirishga majbur. Men buni oqlamayman, ammo buning sabablarini o’zbek lideridan izlashimiz kerak. O’zbekistonni Turkmanistonda davlat to’ntarishiga aralashib qolgani, elchixonaning qovun tushirgani, bular hammasi o’zbeklarga katta zarba bo’ldi. O’zbek maktablari, matbuoti yo’q qilindi”, - deydi yozuvchi.
Safar Bekjon nazarida Turkmanistonda o’zbeklarga nisbatan munosabat keskinligi mahalliy xalq tomonidan emas, balki tepadan, davlat siyosati darajasida boshqarilayotgan buyurtma.
“O’sha davlat to’ntarishi voqeasidan keyin Turkmaniston hukumati o’zbeklarga doir barcha maktablar, jamiyatlarni yo’qotish haqida ichki qarorga kelgan. Turkmaniston o’zidan, separatizm boshlanishidan qo’rqadi, chunki chegara viloyatlaridagi aholining 70-80 foizini o’zbeklar tashkil qiladi. O’zbekiston bilan birlashish kayfiyati paydo bo’lishidan qo’rqib, turkmanlashtirish siyosati keskin amalga oshirilmoqda”, - deydi Bekjon.
Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan turkman yozuvchisi Ak Velsapar deydiki, azaldan qavm-qarindosh bo’lib yashab kelgan o’zbeklar va turkmanlar munosabati zolim tuzumlarning garovidan ozod qilinishi kerak.
“Karimov yoki Berdimuhammedovning boshiga biror fikr kelsa, tamom, azaliy qardosh aloqalar bir pasda unutiladi va munosabatlar keskin sovuqlashadi. Yana chegaraning ikki tomonidagi xalqqa qiyin bo'ladi. Oddiy insoniy munosabat o’rnatishlariga to’siqlar qo’yiladi. Mening nazarimda bu ikki davlat, xalqlar o’rtasidagi haqiqiy do’stona munosabat faqat rejimlar o’zgargandan so’nggina demokratik qonunlar, inson huquqlari kafolatlanishi bilan boshlanadi”, - deydi Velsapar.
Turkmaniston aholisining 10-15 foizi o’zbeklar ekani rasman tan olinsa, unda xalqaro qonunchilikka binoan ular o’z ona tilida bilim olish imkoniyatiga ega bo’lishi shart.