Ukrainada shu hafta bosh prokuror o'rinbosarining iste'fo berishi ketidan siyosiy inqiroz yanada chuqurlashdi. Vitaliy Kasko prokuraturani "mustaqil bo'lmagan o'lik bir idora" deb atagan.
Prezident ishdan ketishiga sabab bo'lgan Maydon namoyishlaridan ikki yil o’tib ham korrupsiyaga qarshi kurash hamon Ukraina oldidagi eng dolzarb masala.
Oy boshida Ukraina Iqtisod vaziri Ayvaras Abromavichus ham prezident doirasidagi odamlarni korrupsiyada ayblab, iste’foga chiqqan edi.
“Bu ishonch inqirozi, qadriyatlarimiz inqirozi. Hozirgi imkoniyatdan foydalanib muhim lavozimlarga o'zgacha dunyoqarashga ega yangi odamlarni tayinlash kerak", - deydi sobiq vazir.
16-fevral kungi majlisida Ukraina parlamenti hukumatning o'tgan yilgi faoliyatini qoniqarsiz deb topdi, ammo uni tarqatib yuborish uchun yetarlicha ovoz to'play olmadi. Bosh vazir Arseniy Yatsenyuk deputatlar oldida qilgan chiqishida islohotlarni davom ettirishga va'da berdi.
Yevrosiyo bo'yicha mutaxassis Orisiya Lutsevichga ko'ra, hukumatga ishonchsilik Ukraina taraqqiyotiga to'siqdir.
“Yangi saylov o’tkazilishidan hech kim manfaatdor emas, chunki yangi rasmiylar eskisidan farq qilmaydi. Hozirgi qiyin sharoitda saylovga katta mablag'ni sovurgan bo'lasiz, xolos", - deydi u.
Prezident Viktor Yanukovichning hokimiyatdan quvilganiga ikki yil bo'ldi. Ukrainada islohotlar hamon G’arbdagi ittifoqchilar istaganchalik jadal emas. Xalqaro valyuta jamg’armasi va’da qilingan 40 milliard dollarni bermasligi mumkin.
“Muhim vazirliklarda islohotchilar yetishmaydi. Ukraina iqtisodiyotini o'zining tor manfaatlariga yo'naltirishga, banklar va kapital oqimi ustidan nazorat o'rnatishga harakat qilayotgan guruhlar bor. Byurokratik va ma’muriy tizim o’zgarmagan”, - deydi Orisiya Lutsevich.
Prezident Petro Poroshenko islohotlarning sustligini mamlakat sharqida rossiyaparast kuchlarga qarshi davom etayotgan operatsiyalar bilan izohlaydi. Germaniyaning Myunxen shahrida o'tgan xavfsizlik konferensiyasida u Moskva harakatlarini keskin tanqid qildi.
“Donbass va Qrimdan qo’shinlaringizni olib chiqing. Ukrainaga o'z chegarasini nazorat qilishga yo'l bering, garovdagilarni ozod eting. Shunda bu hududda na mojaro, na beqarorlik, na urush bo’ladi”, - dedi Poroshenko Rossiyaga qarata.
Kreml Minsk kelishuvlariga rioya qilayotganini ta’kidlaydi. Hujjatga ko’ra, hududni qurolsizlantirish evaziga Kiyev sharqiy hududlarga kattaroq avtonomiya berishi kerak.
Ammo Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilariga ko’ra, vaziyat so'nggi olti oy ichida yana keskinlashmoqda. Sharqda o'tishi rejalangan saylovlar bir necha oyga kechiktirilishi mumkin.