Breaking News

BMT inson huquqlari targ’iboti uchun 375 million dollar so’ramoqda


BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissariati o’nlab mamlakatlarda inson huquqlarini targ’ib va himoya qilish bo’yicha sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun dunyo hamjamiyatidan 375,5 million dollar so’ramoqda.

Xavfsizlik va taraqqiyot qatorida, inson huquqlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining uch asosiy ustunlaridan biridir. Ammo huquq targ’iboti bilan shug’ullanuvchi agentlik jiddiy moliyaviy yetishmovchilik bilan yuzlashmoqda.

Komissariat o’tgan yili so’ragan 321,5 million dollarning salkam yarmi qo’lga kiritilgan, xolos. Oldimizda katta vazifalar turibdi, deydi tashkilot so’zlovchisi Jermi Lorens.

Jumladan, hukumatlarning inson huquqlariga oid qonunlarga rioya qilayotganini tekshirish, nogiron qatlamni himoya qilish, xotin-qizlar huquqlarini targ’ib qilish, nizolar va diskriminatsiyaning har qanday ko’rinishini bartaraf etish.

“Bu yil fundamental huquqlarga tobora ko’proq ta’sir ko’rsatayotgan besh yo’nalishga e’tiborni oshiramiz: iqlim o’zgarishi, raqamli texnologiyalar, tengsizlik, korrupsiya va migratsiya”, - deydi u.

Bu yilgi ishlarning katta qismi Afrika bilan bog’liq. Komissariat qit’aning himoyasiz hududlarida inson huquqlariga oid ahvolni yaxshilash uchun resurslar ajratadi, texnik yordam ko’rsatadi.

“Sudanda yangi idora ochamiz, Efiopiyada dasturlarni kengaytiramiz. Bu mamlakatlardagi siyosiy o’zgarishlar jamiyatga foyda keltirishini ta’minlash zarur. Sohil mintaqasida ham faoliyatimizni oshiramiz”, - deydi Jermi Lorens.

BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissariati Venesuela bilan texnik hamkorlikni kuchaytirish, Boliviyada Prezident Evo Moralesning iste’fo berishi ketidan barqarorlikni ta’minlashni ham bu yilgi vazifalar qatorida qayd etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG