Breaking News

Qurg'oqchilik Oklaxoma fermerlarini qiynab qo'ydi


Oklaxoma shtatida qurg'oqchilik, paxta hosili kamayib ketgan - Oklahoma Drought
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Oklaxoma shtatida qurg'oqchilik, paxta hosili kamayib ketgan - Oklahoma Drought

Texasning ayrim hududlari va Oklaxoma shtatida mana bir necha yildan beri qurg’oqchilik. Paxta va boshqa ekindan olinadigan hosil ancha kamaygan. Oklaxoma gubernatori Meri Falinnga ko’ra, 2011-yildan buyon shtat qishloq xo’jaligi 2 milliard dollar ziyon ko’rdi.

Shu kunlarda yomg’ir yog’ishi mumkin, ammo bir necha hafta oldin bu yerlar qurib, qaqshab yotgan edi.

Fermer Matt Muller deydiki, Oklaxomaning bu qismida yaxshi yog’ingarchilik kuzatilmaganiga ancha bo’ldi.

“Taxminan 2010-yilgacha fermerlik yaxshi kechayotgan edi, 2010- yil kuzigacha. Keyin yomg’ir yog’may qo’ydi. So’nggi to’rt yil bu yerda qurg’oqchilik”.

Sovuq bahor va nam havo Muller va boshqa dehqonlarga umid baxsh etgan edi.

“Hammasi zo’r edi, chunki harorat ham baland bo’lmadi, yomg’ir ham yog’di. Ammo avgustda xuddi hammayoqqa o’t qo’ygandek, jazirama issiq boshlandi,” - deydi u.

Issiq ob-havo va qurg’oqchilik hosilni yo’qqa chiqardi, ammo ko’p suv talab qilmaydigan mosh Muller dalalarida yaxshi o’sdi.

Yomg’irlar mavsumida tuzukkina o’sdi va avgust jaziramasida ham omon qoldi. Shu tariqa yaxshigina hosil olishga muvaffaq bo’ldik. Keyinchalik qurib ketgan bo’lardi”.

Ko’p suv talab qilmaydigan ekin ekish va tejamkor irrigatsion uslublar qurg’oqchilik davrida fermerlarni qutqaradi. Biroq odatda yaxshigina daromad beradigan paxtadan katta pul tushmaydi.

Paxtakor-fermer Klint Abernati paxta teradigan kombayn va boshqa qimmat mashinalarni sotib olish uchun yuzlab ming dollar sarflagan. Biroq so’nggi yillarda yaxshi daromad ololmadi.

“Bu yili iyun va iyul oylarida yaxshigina yomg’ir yog’di. Ekin ham o’sayotgan edi. Ammo hosil yaxshi bo’lmadi. Odatda bir gektar yerdan 16-17 sentner paxta olsak, endi shuning uchdan biri…”

Qurg’oqchilikdan oldin paxta sifati yaxshiroq edi, har bir g’o’zapoyadan ko’proq hosil olinardi.

“Bu zo’rg’a o’sgan paxta, yaxshi hosil bermagan,” - deydi Abernati.

Hosil sug’urtasi yordam albatta, ammo aslida fermerlarga ko’proq suv va balandroq narxlar kerak, deydi Abernati.

“Hatto sug’urta ham bizni qutqarmayapti. Yildan yilga hosilimiz kamayib ketyapti. Narxlarni oladigan bo’lsak, chorvadan tashqari barcha mahsulot arzonlashgan,” - deydi u.

Chorva narxi bir necha yil avval, qurg’oqchilik fermerlarni qora molni sotishga majbur qilganida, pasaygan edi. Lekin bugun dehqonlarning sotish uchun mahsuloti ham, sotib olish uchun puli yo’q. Iqtisod chatoq.

Oklaxoma fermerlari kelasi yilda ob-havoning yaxshi kelishiga va katta hosil olishga umid qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG